Sudning xatosiga kim aybdor: jamiyatmi, tizimmi, sudyaning ojizligimi?..
Xatda ko‘z yoshlari aksi bor!
«Advokat» jurnali tahririyatiga Jizzax viloyati, Zomin tumani, «Birlik» MFYdan xat keldi. Xayriyatki, minnatdorchilik va sevinch xati. Balki uni 15 yillik qamoq jazosidan ozod bo‘lgan bir mushtipar ayolning shukronalik nomasi desak ham joizdir. Shuningdek, jazo tayinlashda o‘ziga nisbatan nohaqlik qilingani bois umrining bir necha yilini farzandlari va yaqinlaridan uzoqda, ozodlikdan bebahra holatda o‘tkazganidan o‘kinchli nola ham yo‘q emas unda. Ammo xatni o‘qir ekanmiz, unda asosan sevinch yoshlarining aksini ko‘rgandek bo‘lamiz. Ayniqsa, xat muallifi o‘z advokatini xaloskorga qiyoslab, asosiy maqsadi shu yo‘l bilan unga va barcha advokatlarga minnatdorchiligini izhor qilishdan iborat ekanini aytadi. Ha, azob sirtmog‘idan quvonch olamiga chiqa olgan odam uchun bunga sababchi bo‘lgan har bir unsur ulug‘ va muqaddas bo‘lib tuyulaveradi...
Xatda yozilishicha, advokat O‘lmas Rasulov tomonidan tayyorlangan 6 varaqdan iborat kassatsiya shikoyati joriy yilning 29-mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudi kassatsiya majlisida ko‘rib chiqilib, qanoatlantirilgan. Natijada xat muallifi qamoqdan oilasi bag‘riga qaytarilgan.
Aslida nima bo‘lgan edi?
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, Norboyeva Muborakning eri R.Norboyev hech qayerda ishlamasdan, doimiy ravishda spirtli ichimliklar iste’mol qilib, mast holatda uydagilarga jabr yetkazib kelgan. O‘sha mudhish qotillik sodir bo‘lgan kun — 2013-yilning 26-noyabrida ham u kechki paytda uyga mast holatda kirib kelib janjal ko‘targan va turmush o‘rtog‘i Norboyeva Muborakni qizlari S.Norboyeva hamda D.Norboyevalar bilan birga ko‘chaga haydab chiqazib yuborib, uyni ichkaridan qulflab olgan. Ko‘cha sovuq bo‘lgani sababli Norboyeva Muborak qo‘shni yigitdan eshikni ochishda yordam so‘ragan. Qo‘shnisi balkon tomondan uyga kirib, eshikni ochib bergach, u uyga bolalari bilan kirgan. Shu payt R.Norboyev uyg‘onib qolib, yana janjal ko‘targan va katta qizi S.Norboyevaga tashlanib, sochidan tortib yiqitib, ustiga chiqib olib bo‘g‘a boshlagan. Bu holatdan qo‘rqib ketgan, erini qizining ustidan tortib olishga kuchi yetmagan Norboyeva Muborak oshxona pichog‘ini olib chiqib, R.Norboyevning ko‘krak qafasi orqa qismiga bir necha marotaba sanchgan va yetkazilgan tan jarohati tufayli u voqea joyida halok bo‘lgan...
Jinoyat ishi bo‘yicha sud psixologiya-psixiatriya ekspertizasi tayinlangan bo‘lib, Toshkent shahar ruhiy kasalliklar shifoxonasining 2014-yil 4-fevraldagi 57-sonli xulosasida Norboyeva Muborakning jinoyatni «fiziologik affekt», ya’ni kuchli ruhiy hayajon ta’siri ostida sodir etgani qayd qilingan. Ammo sud negadir o‘z hukmida bu xulosani e’tiborga olmagan...
Sud qanday xatoga yo‘l qo‘ygandi?
Kassatsiya instansiyasi sudi xulosasiga ko‘ra, birinchi instansiya sudi mazkur jinoyat ishini ko‘rishda Oliy sud Plenumi qarorlari tushuntirishlariga rioya qilmasdan, sudlanuvchining jinoiy harakatlarini har tomonlama, to‘la, xolisona, sinchkovlik bilan tekshirmasdan, jinoyat sodir qilishdagi ruhiy holatni aniqlash chorasini ko‘rmasdan, uni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir qilganlikda ayblab, javobgarlikka tortish haqida barvaqt xulosaga kelgan.
Ajrimda qayd etilganidek, Oliy sud Plenumining 2004-yil 24-sentyabr kungi «Qasddan odam o‘ldirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarorining birinchi bandida qasddan odam o‘ldirishga oid ishlarni ko‘rayotganda sudlarning ish holatlarini sinchkovlik bilan, har tomonlama to‘la va xolisona tekshirish lozimligi qayd etilgan. Ya’ni ayb shakli, qotillik sabablari, maqsadi va usuli aniqlanishi, shuningdek, qilmishni to‘g‘ri baholash va aybdorga adolatli jazo tayinlash uchun ahamiyatga molik boshqa holatlar ham tekshirilishi kerak edi.
Oliy sud Plenumining 2008-yil 15-maydagi «Bir necha jinoyat sodir qilganda qilmishni kvalifakatsiya qilishga doir masalalar to‘g‘risida»gi qarori 9-bandida esa qilmish kuchli ruhiy hayajonlanish kabi holatlarda sodir etilganida unda jinoyatlar majmui mavjud bo‘lmasligi, bunday holatda qilmish Jinoyat kodeksining mazkur jinoyat uchun yengilroq javobgarlikni nazarda tutuvchi moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozimligi to‘g‘risida rahbariy tushuntirish berilgan. Ya’ni, masalan, kuchli ruhiy hayajonlanish holatida odam o‘ldirish faqat JKning 98-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Afsuski, birinchi instansiya sudi bularni inobatga olmagan. Xatda yozilishicha, sudga Toshkent shahar ruhiy kasalliklar shifoxonasidan mutaxassis ham chaqirilmagan.
Najotga kelgan advokat
Xullas, sud M.Norboyevani o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirganlikda ayblab, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqargan. Buning ustiga, xat muallifining yozishicha, hukm o‘qilganidan keyin noma’lum shaxs kelib unga «Senga aslida 25 yil berilishi kerak edi, 15 yilga rozi bo‘laver, agar shikoyat qilsang yana qo‘shilishi mumkin» degan. «Shu bois qo‘rquv ichida bolalarim va advokatimning apellyasiya va kassatsiya tartibida shikoyat yozish haqidagi gaplariga qattiq turib qarshilik qildim», — deydi M.Norboyeva. — Faqat oradan yillar o‘tib, men bilan birga qamalganlar birin-ketin ozodlikka chiqa boshlagach, yurtimizda yaxshi islohotlar boshlangani haqidagi xabarlarni eshitganimdan keyingina menda ham umid uchqunlari paydo bo‘la boshladi va bolalarimga advokat topishlariga ruxsat berdim. Oradan ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i 2018-yilning 19-yanvarida oldimga advokat O‘lmas Rasulovning o‘zi tayyorlagan kassatsiya shikoyati bilan kirib kelishi bilan boshimda najot yulduzi porlaganday bo‘ldi. Garchi advokat shu paytgacha hukm ustidan shikoyat qilmaganimiz uchun meni koyigan bo‘lsa-da, men bundan keyingi muvaffaqiyatli natijalar haqidagi tasavvurning o‘zidan hayajonlana boshladim... Bu advokat mening ko‘zimga chinakam najotkordek ko‘rinayotgan edi!
Ha, Muborak opaga yordamga shoshilgan advokat o‘z kasbining ustasi ekan. Sud materiallari bilan yaxshilab tanishgan advokat O‘.Rasulov kassatsiya tartibida tayyorlagan shikoyatida tergov va sud tomonidan ishning bir tomonlama ko‘rilgani, jumladan, sud-psixiatriya ekspertizasi xulosasi inobatga olinmaganligi vajlarini keltirib, Norboyeva Muborakning jinoiy harakatini JKning 98-moddasi bilan qayta malakalashni so‘raydi.
Hechdan ko‘ra kech!
Eng muhimi, natija xayrli bo‘ldi. 2018-yilning 29-marti. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudining kassatsiya majlisida JIB Jizzax viloyat sudining 2014-yilning 16-may kuni Norboyeva Muborak Norbo‘tayevnaga chiqargan hukmi ustidan Jizzax viloyat prokurorining kassatsiya tartibidagi protesti va advokat O‘.Rasulov tomonidan berilgan shikoyatga asosan jinoyat ishi kassatsiya tartibida ko‘rib chiqildi va qanoatlantirildi. Ya’ni hukm o‘zgartirilib, Norboyeva Muborak tomonidan sodir etilgan jinoiy harakatlar Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «j» bandidan Jinoyat kodeksining 98-moddasiga qayta malakalandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi qarori 1-bandining «a» kichik bandiga asosan mahkum tayinlanishi lozim bo‘lgan jazodan ozod qilindi. 2013-yilning 2-dekabrida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan Norboyeva Muborak oradan to‘rt yarim yilga yaqin vaqt o‘tib bo‘lsa-da, 2018-yilning 30-mart kuni bolalari va yaqinlari bag‘riga qaytdi! Ammo bu quvonchning boshqa bir achinarli jihati shundaki, agar sudlanuvchining qilmishlari birinchi instansiya sudining o‘zidayoq to‘g‘ri malakalanganida u amnistiya asosida bundan to‘rt yil muqaddam, sud zalining o‘zidan yaqinlari davrasida uyiga chiqib ketgan bo‘lardi...
Nega shunday bo‘ldi?
Bu savolni ikki ma’noda tushunish mumkin. Avval xayrlisidan boshlaydigan bo‘lsak, nega Norboyeva Muborakka qo‘yilgan og‘ir jazo yengiliga almashtirildi? Bu savolning javobi esa bugun juda oddiy — mamlakatimizda boshlangan ulkan islohotlar jarayonida hamma narsani o‘z nomi bilan atashga o‘rganmoqdamiz. Inson tomonidan har xil sharoitda sodir etilgan turli qilmishlarga qonga to‘lgan g‘azab ko‘zi bilan emas, balki adolat ko‘zi bilan qarashga yo‘l ochildi. Sudlar faqat qonunlarda emas, amalda ham erkinlikni his qila boshladi. Advokatlarning o‘z himoyasidagi shaxslarni adl turib himoya qilishlariga qonuniy imkoniyatlar yaratilmoqda...
Savolning ikkinchi, og‘ir ma’nosiga javob berish esa, afsuski, bu darajada oson emas — Norboyeva Muborakning qilmishi nega o‘z vaqtida to‘g‘ri baholanmadi? Zero, bu savolning ortidan boshqalari ham qatorlashib sizib chiqaveradi. Masalan, birinchi instansiya sudining «mazkur jinoyat ishini ko‘rishda Oliy sud Plenumi qarorlari tushuntirishlariga rioya qilmasdan, sudlanuvchining jinoiy harakatlarini har tomonlama, to‘la, xolisona, sinchkovlik bilan tekshirmasdan, jinoyat sodir qilishdagi ruhiy holatni aniqlash chorasini ko‘rmasdan» qilgan xatosiga sabab nima edi? Sudyaning layoqatsizligimi yoki mustaqil emasligimi? Balki u shunga majbur bo‘lgandir? Ammo bunday hukm chiqarishga majburlashdan kim manfaatdor bo‘lishi mumkin? Axir otasiz qolgan bolalarni 15 yilga onasidan ham ajratib qo‘yish kimga foyda keltiradi? Agar unga qonun imkon bergan doirada yengilroq jazo belgilansa kim yutqazardi — davlatmi, jamiyatmi, mahallami, tergovchimi, prokurormi, sudyami? Eng muhimi, bir emas, bir necha insonlar taqdiri bilan bog‘liq bunday xatolar uchun kim javob beradi?..
Ha, bu savollarning keti uzilmaydi va ularga javob berishga qodir odamni topish ham oson bo‘lmasa kerak. Shu bois biz ham uni ortiq chuvalantirmoqchi emasmiz. Yaxshisi, bunday xatolarga boy kunlarning o‘tgani rost bo‘lsin deb niyat qilamiz! Kelajakda O‘zbekistonimiz odil sudlov tizimi bilan ham dunyoga dong taratsin deymiz! Toki Amir Temur bobomiz dunyo uzra baland ko‘targan adolat tug‘i avlodlar qo‘lida ham mustahkam tursin!
Nurbek Toshniyoz,
«Advokat» jurnali Bosh muharriri
«Advokat» jurnalining 2018 yil 2-sonidan olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter