Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sudlar ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun soha raqamlashtiriladi

Sudlar ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun soha raqamlashtiriladi

Jamiyatda qonunustuvorligini ta’minlash, fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilishda muhim o‘rin tutadi.

So‘nggi yillarda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida olib borilgan islohotlar fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish imkonini bermoqda.

Hech kimga sir emas, fuqarolarning sudlar faoliyati va sud ishlari to‘g‘risida erkin axborot olish huquqini ta’minlanishi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. Mazkur huquq esa, ochiq va oshkora sud muhokamasida ishtirok etish, sud organlaridan ma’lumot so‘rash va sudlar faoliyati to‘g‘risida hamma uchun ochiq bo‘lgan ma’lumotlarni olish orqali ta’minlanadi.

Albatta, zamonaviy dunyoda mazkur usullarni axborot-texnologiyalarini to‘liq joriy etmay turib, amalga oshirish imkoni yo‘q. Shu bois mamlakatimizda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida islohot sohani raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi islohotlar “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Xo‘sh, sohani raqamlashtirish nimalarda ko‘rinadi?

Bunga javoban shuni ta’kidlash joizki, videokonferensaloqa tizimidan foydalanish orqali sud majlisida ishtirok etish, sudlar tomonidan ko‘riladigan ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik taqsimlash, sud yakuniy xulosalarini internet tarmog‘ida jamoatchilik e’tiboriga havola etish hamda ijro hujjatlarini axborot texnologiya vositalaridan foydalanib elektron shaklda yuborish kabi mexanizmlar joriy etildi.

Albatta, bu haqda fikr yuritganda, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash fuqarolar, jamiyat va sudlar faoliyatiga qanday ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi, degan haqli savol tug‘iladi.

Avvalo, bu fuqarolarni sudlarga hech qanday byurokratik to‘siqlarsiz murojaat qilish imokniyatini beradi. Bugungi kunda har qanday yuridik va jismoniy shaxs da’vo ariza, ariza va shikoyatlarini “exsud.sud.uz” sayti orqali elektron ko‘rinishda yuborishi mumkin. Shuningdek, Oliy sudi tomonidan “my.sud.uz” sayti orqali “sudga elektron murojaat yuborish”, “sudga murojaat namunalari”, “davlat boji kalkulyatori”, “elektron to‘lov tizimi”, “sud qarorlarini onlayn olish” kabi interaktiv xizmatlarning yo‘lga qo‘yilgani fuqarolarning murojaat qilish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Ikkinchidan, fuqarolarni sud ishlarida ishtirok etish imkoniyatini oshiradi. Aniqroq aytganda, fuqarolar bugungi kunda videokonferensaloqa rejimidan foydalanilgan holda sud ishlarini yuritishga ishtirok etish imkoniyatiga ega.

Uchinchidan, sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikka o‘z vaqtida va ob’yektiv axborot berish jamiyatda huquqiy xabardorlik darajasi oshishiga imkon yaratadi. Jumladan, bugungi kunda mazkur ma’lumotlarni onlayn tarzda olish imkonini beruvchi “stat.sud.uz” sayti ishga tushirilganini alohida ta’kidlash joiz.

To‘rtinchidan, sudlarning ish faoliyatini yengillashtirishga xizmat qiladi. Buni “Adolat” axborot tizimlari kompleksi orqali ko‘rish mumkin. Mazkur tizim orqali davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish, manfaatdor shaxslar tomonidan da’vo, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish, sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ma’lumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish va sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalangan holda avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish imkonini bermoqda.

Beshinchidan, sudlov faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash va sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshirishning samarali vositasi hisoblanadi. Shu munosabat bilan sudlar sud muhokamasi oshkoraligi va sudlar faoliyatiga doir axborotni olish huquqini amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratishi dolzarb ahamiyatga ega.

Dilmurod Artikov,
Sudyalar oliy maktabi dotsenti,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori(PhD)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring