Statistika: davlat mulkini o‘marish jinoyati o‘sishda davom etyapti
2023-yilda sodir etilgan jinoyatlar soni, IIV ma’lumotlariga ko‘ra, jami 104 096 tani tashkil etgan bo‘lsa, ularning aksariyati iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar hisoblanadi.
Statistika agentligi keltirayotgan raqamlarda jami jinoyatlar soniga nisbatan iqtisodiy jinoyatlar ulushi 43,8 foiz ekani qayd etiladi.
Hisobot davrida aniqlangan iqtisodiy sohadagi jinoyatlar orasida esa:
- 18 492 ta yoki jami iqtisodiy jinoyatlarga nisbatan 40,6 foiz firibgarlik (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish);
- 14 851 ta yoki jamiga nisbatan 32,6 foiz o‘g‘rilik (o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish);
- 5 660 ta yoki jamiga nisbatan 12,4 foiz o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish jinoyatlari sodir etilgan.
Ahamiyatli tomoni shundaki, ro‘yxatning dastlabki uch o‘rini band qilgan ushbu turdagi jinoyatlarning avvalgi ikkitasi, ya’ni firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari oxirgi uch yilda ketma-ket kamaygan bo‘lsa, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish jinoyati (2021-yilda 5 077 ta, 2022-yilda 5 650 ta va 2023-yilda 5 660 tani tashkil qilgan) uchinchi yilda ham o‘sishni qayd qilgan.
Ma’lumot uchun, IIV ma’lumotlariga ko‘ra, jami jinoyatlarning soniga nisbatan jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar – 24 foiz, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyati tartibiga qarshi jinoyatlar – 16,4 foiz hamda shaxsga qarshi jinoyatlar – 15,2 foizni, shuningdek, tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar – 0,4 foiz va ekologiya sohasidagi jinoyatlar – 0,2 foizni tashkil etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter