«Spark» ichidan ikki kishi qutqarildi
Joriy yilning 12 oktyabr kuni soat 18:30 larda «Qamchiq» dovonining 240 km. da «Toshkent-Vodiy» yo‘nalishida harakatlangan «Spark» rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l tagidan suv o‘tkazuvchi inshootga tushib ketgan.
Zudlik bilan voqea joyiga «Qamchiq» maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasining qutqaruvchilari, yo‘l-patrul xizmati va tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelishgan.
Qutqaruvchilar tomonidan maxsus asbob-anjomlar yordamida avtomashinada bo‘lgan haydovchi va bir nafar yo‘lovchi chiqarib olinib, tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.
Shundan so‘ng maxsus avtokran yordamida suv o‘tkazuvchi inshootdan avtomashina chiqarib olindi. Bu vaqtda YPX xodimlari yo‘l harakati xavfsizligini ta’minladilar.
Qutqaruvchilarning tezkorlik bilan amalga oshirgan harakatlari natijasida ikki inson hayoti saqlab qolindi.
Hozirda shifokorlar tomonidan yengil tan jarohati olgan ikkila fuqaroga ham uyga javob berilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter