Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

So‘nggi 2000 yillikning eng qaynoq yozi

So‘nggi 2000 yillikning eng qaynoq yozi

Illyustrativ foto

Olimlar dunyoga kelajakda xavf soladigan iqlimiy inqirozlar bilan qo‘rqitmay qo‘yishdi. Chunki o‘sha qo‘rqinchli kelajakka yetib keldik, deya ta’kidlashmoqda ular. O‘tgan 2023-yil 1850-yildan buyon kuzatuvlar tarixidagi eng qaynoq yil bo‘ldi — bunga sabab iqlim o‘zgarishlari, deb yozmoqda BBC.

Biroq iqlim o‘zgarishlarining bundan-da olisroq tarixiga nazar solish imkonini beruvchi boshqa dalillar ham bor. Masalan, daraxtlar tanasida har yili paydo bo‘ladigan halqalar. Buni ham o‘rgangan olimlar o‘tgan yilgi haroratlar nechog‘liq yuqori bo‘lganiga yana bir karra amin bo‘lishdi.

Kembrij universiteti olimlari 2023-yilning iyun-iyul-avgust oylarida havo harorati taxminan 2000-yil avvalgi eng sovuq yoz oylariga nisbatan 4 daraja yuqori bo‘lganini aniqlashdi. Iqlimshunoslar so‘nggi o‘n yilliklarda global yer sirti harorati tez yuqorilab borayotganini kuzatishmoqda. BMT qoshidagi iqlim masalalari bilan shug‘ullanuvchi tashkilot taxminlariga ko‘ra, 2023-yil yozidagi kabi issiq harorat Yerda so‘nggi marta 100 ming yil oldin kuzatilgan bo‘lishi mumkin.

O‘tgan yilgi yoz so‘nggi 2000 yildagi eng qaynoq yoz bo‘ldi.

Tadqiqotda qatnashgan ekologik tizimlari tahlili bo‘yicha professor Ulf Byuntgenning aytishicha, halqalar nafaqat daraxtning yoshini ko‘rsatuvchi belgi, shuningdek, daraxtning umri davomida turli yillarda iqlim qanday bo‘lgani haqida qimmatli ma’lumot beruvchi ko‘rsatkich ham sanaladi.

Har bir halqa kengligini o‘lchagan olimlar daraxt o‘sgan davrlardagi havo harorati haqida ma’lumotga ega bo‘lishlari mumkin.
Foto: University of Cambridge

Olimlar tirik daraxtlar bilan birga, toshga aylangan daraxtlarni ham o‘rganishdi. Issiq yillarda daraxtlar tez o‘sgani uchun halqalari kengroq, sovuq yillarda esa halqalari ingichkaroq bo‘ladi, dedi professor Byuntgen.

Turli namunalarni o‘rganishlar va solishtirishlar asosida tadqiqotchilar dunyoning (ekvatorga nisbatan) shimoliy qismi uchun so‘nggi 2000 yillikning haroratlar xaritasini tuzishdi. Yakuniy xulosaga ko‘ra, «sanoatgacha bo‘lgan davr» —  1850-1900-yillar yoziga nisbatan, 2023-yil yozi Selsiy shkalasi bo‘yicha 2,07 daraja issiqroq bo‘lgan.

Sayyoramizda so‘nggi 2000 yillikning eng sovuq yozi 536 yilda kuzatilgan — bunga vulqon otilishi oqibatida Yer atmosferasiga juda ko‘p miqdorda oltingugurt ajralgani sabab bo‘lgan.

Daraxtlar tanasidagi halqalarga ko‘ra, ikki ming yillikning eng issiq yili — 246 yil. Ammo o‘sha yilning yozi ham jazirama bobida 2023 yil yoziga yaqinlasha olmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring