Sog‘liqni saqlashning elektron tizimi rivojlantiriladi
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov mamlakatimizga tashrif buyurgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi Axborot, faktik ma’lumotlar, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar bo‘limi direktori Klaudia Steyn boshchiligidagi JSST delegatsiyasi bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Unda «2018– 2020 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakilligi o‘rtasidagi ikki yillik hamkorlik kelishuvi» doirasida sog‘liqni saqlashning axborot tizimi va ma’lumotlarni boshqarish uchun xalqaro standartlardan foydalanish bo‘yicha texnik ko‘maklashuvni amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.
JSST ekspertlari hamkorligida O‘zbekistonda sohaning axborot tizimini takomillashtirish bo‘yicha loyiha tayyorlandi. Unda sog‘liqni saqlash sohasiga doir ma’lumotlarni o‘zida jamlovchi milliy axborot tizimini takomillashtirish, elektron sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yaxshilash uchun 2018—2020 yillarga mo‘ljallangan aniq tadbirlar aks etgan.
Uchrashuvda sog‘liqni saqlashning axborot tizimini rivojlantirish «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish, xalqaro ekspertlarni jalb etib, soha mutaxassislari uchun treninglar o‘tkazish, elektron sog‘liqni saqlashni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga grantlar ajratish masalalari hal etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter