Sotsialistik lagerni vayron qilgan inqilob yoxud Chexoslovakiyada kommunizm urug‘ini quritgan «Baxmal inqilobi»
XX asrning ikkinchi yarmi tektonik o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Ayni shu vaqtga kelib kommunistik mafkura ta’siri kamayib, SSSR degan mamlakat chok-chokidan so‘kilib, parchalanish arafasiga kelib qoldi. Varshava shartnomasini imzolagan davlatlar (Albaniya, Bolgariya, Vengriya, GDR, Polsha, Ruminiya va Chexoslovakiya) birin ketin yolg‘on ustiga qurilgan kommunistik tuzumdan voz kecha boshladi. 1989-yilning boshida Sharqiy Yevropaning 8 ta davlati sotsialistik deb hisoblangan bo‘lsa, yil oxiriga kelib 6 ta mamlakat bu qobiqdan chiqib ketdi.
Ushbu maqolamizda bundan 33 yil oldin sotsialistik tuzumning ildiziga bolta urgan, Sharqiy Yevropaga ozodlik taqdim etgan «Baxmal inqilobi» haqida hikoya qilamiz.
Qonga botirilgan «Praga bahori»
1968-yilda Chexoslovakiya Kommunistik partiyasi rahbari etib Aleksandr Dubchek tayinlandi. U o‘zining «insoniy qiyofadagi sotsializm» deb nomlangan islohotlar dasturini e’lon qildi. Bu islohotlar fuqarolarga qo‘shimcha demokratik huquqlarni ya’ni, so‘z erkinligi, harakat erkinligi, ommaviy axborot vositalari ustidan davlat nazoratini kamaytirish kabi imkoniyatlarni taqdim etdi. Bundan tashqari, Dubchek mamlakatda hokimiyatni nomarkazlashtirish siyosatini olib bordi. Bu esa yoshlarning siyosiy faolligini oshirdi. Mamlakatda yuzlab siyosiy to‘garaklar paydo bo‘ldi. Ular kommunistik partiyaning olib borayotgan siyosatidan norozi bo‘lib, mamlakatda demokratik o‘zgarishlar qilinishini talab qilib chiqdilar. Pragada ro‘y berayotgan o‘zgarishlar SSSR rahbariyatini qo‘rqitib yubordi. Sovet rahbariyati bu voqealarni G‘arb maxsus kuchlari tomonidan sotsializmga qarshi uyushtirilgan fitna, deb baholadi.
1968-yil 20-avgust kuni 500 ming kishilik Varshava Shartnomasi qo‘shinlari Chexoslovakiya chegarasini yorib o‘tdi. Poytaxt Praga va hukumat binolari sovet qo‘shinlari tomonidan ishg‘ol qilindi. Chexoslovakiya armiyasi hech qanday qarshilik ko‘rsatmadi. Aleksandr Dubchek esa Moskvaga olib ketildi. To‘qnashuvlar vaqtida chexlardan 94 kishi halok bo‘ldi, 345 ta fuqaro yaralandi. Bu voqealar tarix zarvaraqlarida «Praga bahori» nomi bilan qoldi. Bo‘lib o‘tgan voqealar Chexiya xalqining qalbiga o‘chmas bo‘lib muhrlandi. Shundan so‘ng chexlar sotsializm g‘oyalariga ishonmay qo‘yishdi.
Chexoslovakiyada «baxmal inqilobi»ning sabablari
XX asrning 80-yillar oxirida Chexoslovakiya jamiyatining o‘z hukumatiga nisbatan ishonchsizlik darajasi o‘sib ketdi. Bunga quyidagilar sabab bo‘ldi: narxlarning ko‘tarilishi, ijtimoiy dasturlarning qisqarishi, G‘arb davlatlaridan Chexoslovakiyaning texnologik qoloqligi, so‘z erkinligi va bir qator demokratik erkinliklarning yo‘qligi.
Chexoslovakiyada inqilobning pishib yetilishiga bir qancha tashqi omillar ham sabab bo‘ldi. Xususan, 1989-yilning kuzida Berlin devorining qulashi, Vengriya va Polshaning sotsialistik qobiqdan chiqishi. Sharqiy Yevropa mamlakatlarida Sovet ittifoqining geosiyosiy ta’sirining kamayishi.
Inqilobning boshlanishi
Sharqiy Yevropa davlatlarining taqdirini tubdan o‘zgartirib yuborgan voqea 1985-yilda Mixail Gorbachyovning iqtidorga kelishi bo‘ldi. Yangi Bosh kotib eski siyosatni chetga surib, yangi siyosiy boshqaruv yo‘lidan bordi. Bu siyosat Kremlning Sharqiy Yevropadagi hukmron rejimlarga munosabatini tubdan o‘zgartirdi. Ilgari Moskva Sharqiy Yevropani o‘zining ta’sir zonasi va ma’lum darajada G‘arbning ehtimoliy hujumidan himoya qalqoni deb hisoblagan bo‘lsa, endi uni qimmatroq yuk sifatida qabul qila boshladi.
Chexoslovakiya muxolifati 1985-yilda SSSRda qayta qurish siyosati boshlanishi bilan hukumatdan geosiyosiy mustaqillik uchun dadil qadamlar tashlashni talab qila boshladi. Birinchi namoyishlar 1988-yilda bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar liberal islohotlarni amalga oshirishni va mamlakatni modernizatsiya qilishni talab qildilar. Bu vaqtda Sovet ittifoqi tashqi siyosatga katta e’tibor berishga imkoni yo‘q edi. Sababi, Moskva chuqur siyosiy inqirozlar girdobiga tushib qolgandi. Natijada, Sharqiy Yevropa davlatlaridagi sotsialistik diktaturalar birin-ketin qulay boshladi.
1989-yil 17-noyabr xalqaro talabalar kuni Yan Opletal (1939-yilda Chexoslovakiyani fashistlar tomonidan bosib olinishiga qarshi namoyishlar chog‘ida halok bo‘lgan chex talabasi) vafotining 50 yilligiga bag‘ishlanib Chexiya poytaxti Praga shahrida ommaviy yurish uyuishtirildi. 17-noyabr kuni erta tongida 15 mingga yaqin talabalar ruxsat berilgan namoyish uchun Praganing Albertov tumanida to‘planadi. Ular Yan Opletal yodgorligiga gul qo‘yish va sham yoqish marosimini o‘tkazishdi. Biroq talabalar marosim tugagach o‘z yurishlarini davom ettirib, Vatslav maydoni tomon harakatlana boshlashdi. Ularga shahar aholisi ham qo‘shildi. Natijada, tinch yurish hukumatga qarshi norozilik namoyishiga aylanib ketdi.
Politsiya namoyishchilarni yo‘lini to‘sib, ularni tarqatishga harakat qildi. Namoyishning ertasi kuni to‘s-to‘polon vaqtida Charlz universiteti talabasi politsiya tomonidan o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu benzinga olov sepganday, namoyishchilarni g‘azab otiga mindirdi. O‘lim xabarini eshitgan Praga universiteti talabalari hukumatga qarshi norozilik aksiyasini boshlab yubordi. Ularga teatrlarning ijodkor ziyolilari ham qo‘shildi. Norozilik va ish tashlashlar butun respublika bo‘ylab davom etdi. 25-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Pragadagi mitingda 800 ming kishi ishtirok etdi. Hatto, bu namoyishni Praga arxiyepiskopi kardinal Frantishek Tomashek ham qo‘llab-quvvatladi.
Inqilob natijalari va yangi davrning boshlanishi
Ko‘p o‘tmay, Chexiya Respublikasining barcha muxolif tashkilotlarini, shuningdek, Slovakiya hududida faoliyat yurituvchi «Zo‘ravonlikka qarshi jamiyat»ni birlashtirgan «Fuqarolik forumi» tashkil etildi. Chexoslavakiya kommunistik partiyasi Markaziy komiteti plenumi partiya rahbariyatining tarkibini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Yangi partiya yetakchilari nihoyat muxolifat bilan muloqotga kirishdi.
Muxolifat hokimiyatga siyosiy rejimni o‘zgartirish bo‘yicha bir qator talablar qo‘ydi. 28-noyabr kuni Kremlning «qo‘g‘irchog‘i» bo‘lgan kommunistik hukumat hokimiyatni muxolifatga topshirishini e’lon qildi. Ertasi kuni Chexoslovakiya parlamenti Konstitutsiyadan kommunistik partiyaning yetakchi roli haqidagi moddani olib tashladi. Hukumati tarkibi butunlay o‘zgartirildi. Hukumat raisi etib bir vaqtlar Moskvaga olib ketilgan Aleksandr Dubchek, mamlakat prezidenti etib esa dissident Vatslav Gavel saylandi.
Oradan ko‘p o‘tmay Chexoslovakiya bozor iqtisodiyotiga o‘tishini boshladi. 1991-yilda sovet qo‘shinlari Chexoslovakiya hududidan olib chiqildi. Siyosiy va ijtimoiy tuzumdagi o‘zgarishlar juda tez va nisbatan tinch bo‘lgani uchun bu to‘ntarish «Baxmal inqilobi» yoki «Yumshoq inqilob» deb ataldi.
1990-yil Chexoslovakiyada bo‘lib o‘tgan demokratik saylovlarda Vatslav Gavel g‘alaba qozonadi. Biroq, bunday tub o‘zgarishlar Chexoslovakiya uchun mutlaqo sokin o‘tib ketmadi. Inqilobdan keyin inqiroz yuzaga keldi. Bu ikki xalq – chexlar va slovaklar o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvida namoyon bo‘ldi. Tez orada millatchi uyushmalar paydo bo‘ldi. 1992-yilda referendum bo‘lib o‘tdi. Referendum natijasiga ko‘ra, mamlakat ikki davlatga – Chexiya va Slovakiyaga bo‘lindi.
Chexoslovakiyada kommunistik tuzum o‘zining yolg‘onlari qurboni bo‘ldi. Kreml bu inqilobni G‘arb maxsus kuchlari uyushtirgan, deb iddao qildi. Lekin ko‘rishimiz mumkinki, Chexoslovakiyada xalqning irodasi hokimiyat tepasiga chiqdi. Vatslav Gavel va Aleksandr Dubchek o‘z xalqini kommunistik diktatura changalidan olib chiqish uchun harakat qildi va bunga erishdi. Sovetcha boshqaruv tizimidan mutlaqo voz kechildi. Yangi hukumat mamlakatda inklyuziv siyosiy va iqtisodiy institutlarni shakllantirdi. Garchi mamlakat ikkiga bo‘linib ketgan bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida Chexiya iqtisodiy o‘sishga erishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter