Sobiq diplomat AQShning strategik xatosini aytdi
AQSh qo‘shinlarining bosqinchiligi – AQShning XXI asrdagi strategik xatosi! Bu haqda «gazeta.ru»ga bergan intervyusida AQShning Kuvayt va Liviyadagi sobiq elchisi Debora Jons ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «RIA Novosti».
«Yaqin Sharqdagi biror-bir inson AQShning Iroqqa bostirib kirishi strategik xato bo‘lganini inkor etadi deb o‘ylamayman va bu XXI asrdagi strategik xato bo‘lishi mumkin», — dedi u.
Jonsning aytishicha, AQShga qarshi qaratilgan har qanday harbiy yoki terroristik harakat uning harbiy doktrinasini o‘zgartirgan.
«Iroqda sodir bo‘layotgan narsalar shundan iboratki, AQSh davlat departamentida ikki general — Kolin Pauell va Richard Armitij hujumga qarshi edi, Pentagon rahbari(Donald Ramsfeld)ning harbiy bo‘lmagan amaldorlari esa urushni qo‘llab-quvvatladi», — deydi sobiq elchi.
2003-yilda Iroqning AQSh kuchlari va Iroqqa qarshi koalitsiya tomonidan ishg‘ol etilishiga rasman AQSh maxsus xizmatlarining bu mamlakatda ommaviy qirg‘in qurollari ishlab chiqarilayotgani haqidagi ma’lumotlari sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, bunga doir kuchli dalillar topilmagan.
O‘tgan yilning may oyida AQShning sobiq davlat kotibi, 2001 — 2005-yillarda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimida ishlagan Kondaliza Rays Vashingtondagi Brukings institutida chiqish qilgan paytida AQShning Iroqqa bostirib kirishining asil sababi Saddam Husaynni ag‘darish bo‘lganini aytgan edi.
«Biz Iroqqa demokratiya olib kirish uchun emas, balki Saddam Husaynni ag‘darish uchun kirganmiz. Chunki bu milliy xavfsizlik masalasi edi», — degan sobiq davlat kotibi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter