Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sizda kelishning imkoni yo‘qmi? Unda o‘zimiz boramiz!

Sizda kelishning imkoni yo‘qmi? Unda o‘zimiz boramiz!

Mamlakatimizda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining izchillik bilan takomillashtirilishi aholining hayot sifati, investitsiya va ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni yanada rivojlantirish imkonini bermoqda. Ayniqsa, chekka va olis hududlarda sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatish fuqaro va tadbirkorlar uchun yanada qulayliklar tug‘dirmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi Namangan viloyat boshqarmasi tasarrufidagi mobil davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi avtobus avvallari oyda ikki bor tuman, shahar markazlaridan olisda joylashgan hududlarda istiqomat qiluvchi aholiga sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatib kelardi. Pandemiya sabab, aholiga yaratilgan qulayliklar vaqtinchaga to‘xtatilgan edi. Bugunga kelib, aholining talab va istaklarini inobatga olib, sayyor xizmat ko‘rsatish karantin qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirib kelinmoqda.

Bu galgi manzil Kosonsoy tumani bo‘ldi. Xonqo‘rg‘on mahalla fuqarolar yig‘ini tuman markazidan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh hudud sanaladi. Qishloqda 2900 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu yerlik aholi dehqonchilik va chorvachilikka mehr qo‘ygan. Kuzning issiq kunlaridan unumli foydalanib, kechki ekinlarini yig‘ib-terish bilan band bo‘lgan aholi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun uzoq yo‘l bosib markazga kelishga vaqt topa olmayotgan bir vaqtda Agentlikning viloyat boshqarmasi hamda Kosonsoy tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari sayyor xizmat ko‘rsatish uchun o‘zlari qishloqqa otlandilar. Dastlab, soha xodimlari davlat xizmatlaridan uyda o‘tirib ham foydalanish mumkinligi haqida yig‘ilganlarga tushuntirish olib bordilar. Shundan so‘ng, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishga kirishdilar. Shu kuni farzandini maktabgacha ta’lim muassasasiga navbatga qo‘yish, kommunal xizmat ko‘rsatish tarmoqlariga ulanish, kadastr pasportini shakllantirish, soliqdan qarzi bor yoki yo‘qligi haqida ma’lumot olish va yana bir qator xizmatlardan foydalandilar. Davlat xizmatlari agentligi xodimlari tomonidan shu kuni 30 dan ortiq fuqarolarga sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatilgan bo‘lsa, 40 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirish berildi.

Kosonsoy tumanidagi “Qaytmas Zamini” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, aholiga sifatli kiyim-kechak hamda qandolat mahsulotlarini yetkazib beruvchi katta korxonaga aylanib ulgurdi. Hozirda 25 nafar qishloq aholisini ish bilan ta’minlagan tadbirkor yil yakunigacha yana 50 nafar ishsizlarni band qilish harakatida. Davlat xizmatlari agentligini xodimlarining tashrifi tadbirkor ayolni mamnun etmay qolmadi. Korxona rahbari mehnat faoliyatini olib borayotgan joyida davlat xizmatlaridan foydalandi. Bunday xizmatdan tadbirkor yanada g‘ayrat bilan ishlashga va’da berdi. Asosiysi, uning vaqti tejaldi.

Uzoq qishloq va ovullarda yashaydigan aholi ha deganda tuman markaziga kelib davlat xizmatlaridan foydalanishga vaqti va imkoni bo‘lmaydi. Ana shunday pallalarda esa mobil avtobus bunday fuqarolarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilishga ko‘maklashadi.

Ulug‘bek Yusupov, Kosonsoy tuman DXM direktori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring