«Siyosiy mo‘’jiza». 31 yil avval Germaniyada dunyo siyosatini o‘zgartirgan hodisa ro‘y bergan edi...
Bundan roppa-rosa 31 yil avval – 1990-yilning 3-oktyabrida Germaniyada nainki olmon xalqi, balki butun dunyo xalqlari taqdirini o‘zgartirib yuborgan hodisa ro‘y berdi. Shu kuni bir necha o‘n yil davomida parokanda holda hayot kechirgan olmon xalqi yagona davlatga birlashdi.
3-oktyabr – Germaniya birligi kuni munosabati bilan mazkur mamlakat tashqi ishlar vaziri Hayko Maas xalqaro hamjamiyatga murojaat yo‘lladi. Vazir 31 yil avval ro‘y bergan hodisalarga doir o‘z xotiralari bilan ham o‘rtoqlashgan.
«Brandenburg darvozasi yonida dengiz to‘lqini kabi qalqiyotgan odamlar bir-birini bag‘riga bosar, ularning ko‘zlarida quvonch yoshlari va shodlik kulgisini ko‘rish mumkin edi. Zero, odamlar hodisalar chindan ham ro‘y berayotganiga ishonmas edilar. Darhaqiqat, Berlin devorining qulashi va Germaniyaning birlashuvi jahon tarixiga kirgan hodisalar sirasiga kiradi. Ongu shuurimizga muhrlangan mushtarak xotiralar bizga bugun ham kuch-quvvat va umid baxsh etadi. Bu esa zamonamizning ko‘plab chaqiriqlariga munosib javob berishda asqotadi», – deydi Germaniya bosh diplomati.
Ta’kidlanishicha, 1990-yilning kuzida hamjihatlik, faol hamkorlik hamda bir-biriga xayrixohlik-ko‘makdoshlik sabab Germaniya birlashuviga erishildi. «Sovuq urush»ning tugashi va Yevropadagi birlashuv kayfiyatining kuchayishi ham bunda muhim rol o‘ynadi.
H.Maas ayni paytda dunyoda kuzatilayotgan xavfli holatlarga ham e’tibor qaratgan.
«Millatchilik va shovinizm, avtoritar tendensiyalarning qayta bo‘y ko‘rsatayotgani, muqobil fikr hamda erkin OAVni bosib-yanchishga urinishning kuchayayotgani menda xavotir uyg‘otmoqda. Bu – dunyo hamjamiyati uchun xatarnokdir», – deydi H.Maas.
Kurrai arzda parokandalik, guruhbozlik, zulm-zo‘ravonlik avj olayotgan pallada insoniyat Germaniya birlashuvidan kerakli saboqlar chiqarishi maqsadga muvofiqdir. Vazir H.Maasga ko‘ra, zero, tinchlik istagi va bir yoqadan bosh chiqarish orqaligina ixtilof, nafrat va zo‘ravonlikni yengish mumkin.
Cotsialistik tuzumning mag‘lubiyati, demokratiyaning g‘alabasi. Foto: dpa
Germaniyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi, huquqshunoslik fanlari doktori Tilo Klinner ham ushbu muhim sana munosabati bilan murojaat e’lon qildi. Diplomat 31 yil oldingi tarixiy hodisani yodga olar ekan, ikki olmon davlati birlashuvini «siyosiy mo‘’jiza» deb atagan.
«Birlashgan Germaniya dunyo bo‘ylab juda ko‘p hamkorlarga ega. O‘zbekiston –Germaniya keng hamkorlik qiladigan davlatlardan biridir. Mening elchi sifatidagi vazifam ushbu hamkorlikni yanada kengaytirishdan iborat deb bilaman», – deydi elchi T.Klinner.
Diplomat ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiyot, ta’lim va ilm-fan yo‘nalishida robitalar yanada mustahkamlanayotganini qayd etgan.
1989-yili Sharqiy Germaniyada tinch yo‘l bilan amalga oshirilgan inqilob orqali sotsialistik rejim ag‘darildi. GDR rahbarlari ko‘p sonli aholi talabiga yon berishga majbur bo‘ldi. Diqqatga sazovor jihati, bir dona ham o‘q otilmadi, biror kishi jabr ko‘rmadi. 1990-yilning 3-oktyabrida GDR rasman GFRga birlashdi. Olmon xalqi yana yagona-yaxlit davlatga ega bo‘ldi.
Siyosiy mo‘’jiza, bitta ham o‘q otmay amalga oshirilgan inqilob. Foto: Google Images
O‘sha tarixiy kunda ma’ruza qilgan federal prezident Rixard fon Vayszekker Germaniya hamda Yevropa birligi o‘zaro chambarchas bog‘liq tushunchalar ekanini ta’kidlab, «Biz – olmonlar, zimmamizdagi mas’uliyatni teran his qilamiz va birlashgan Yevropada tinchlik poydor bo‘lishi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatamiz», – degan edi. Keyingi chorak asr davomida ro‘y bergan hodisalar mazkur fikr qanchalar haq ekanini tasdiqladi.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter