Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Siyosatdan yiroq, hokimiyatdan uzoq «muxolifat» haqida

Siyosatdan yiroq, hokimiyatdan uzoq «muxolifat» haqida
Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda muxolifatga sharoitlar yo‘q deb jar solib, «namoyish qilamiz», «virtual saylov» o‘tkazamiz deya yoqa yirtayotgan odamlarga ishonmang. Ular yurtimizdagi tinchlik va taraqqiyotga hasad qilayotgan turli siyosiy o‘yinchilarning qo‘g‘irchoqlaridir.
 
Aynan mana shunday «muxolifat»chilar Liviyani yakson qildi, aynan mana shunday tashqi kuchlarning nog‘orasiga o‘ynagan kimsalar Tunis, Suriyada millionlab isonlarning yostig‘ini quritdi.
 
Bugun «muxolifatman» deya bong urayotgan odamlarda siyosiy bilimlar yetarli bo‘lganida, ular haqiqiy siyosiy hokimiyatni, uni boshqarishni tushunganida edi, avvalo, hokimiyatga erishish uchun (tashqaridan berilayotgan ko‘rsatmalar va pullarga uchmasdan) birinchi navbatda, shu xalqqa, mamlakatga xizmat qilgan, shu yurt ravnaqi yo‘lida jon kuydirgan bo‘lar edi.
 
Dunyo tajribasida o‘z mamlakati taraqqiyotini ko‘zlab siyosiy maydonga kirmoqchi bo‘lgan haqiqiy siyosiy partiya, haqiqiy siyosiy muxolifat turli norozilik namoyishlari, buzg‘unchi g‘oyalar, Prezidentlikka nomzodlarning shaxsiyatiga tegish, salbiy targ‘ibot-tashviqot o‘tkazish kabi texnologiyalardan foydalanishi holatlari kuzatilmaydi.
 
Balki ular, avvalo, yurt rivojiga hissa qo‘shishda, odamlarning og‘irini yengil qilishda namuna bo‘lish, siyosiy texnologiyalar vositasida o‘zidagi ijobiy jihatlar, umri davomida xalqqa, jamiyatga qilgan xizmati, biror sohada erishgan muvaffaqiyatlari, ish faoliyatidagi o‘ziga xos fazilatlarini targ‘ib qilish va xalqqa ko‘rsatish orqali fuqarolarning qalbini qozonishga, qonuniy asosda siyosiy maydonda o‘rin egallashga harakat qiladi.
 
Saylov kuni yaqinlashgani sari, odamlar orasiga qutqu solayotganlar ancha g‘imirlab qoldi. Ularning xatti-harakatlariga qarab bir nechta savollar tug‘iladi: «Muxolifat» to‘nini kiyib xalloslayotgan odamlarda siyosiy hokimiyat uchun kurashish layoqati bormi, aslida, siyosiy hokimiyatga erishish mumkin bo‘lgan xususiyatlar mavjudmi?
 
Ularning qaysi biri jamiyatda «siyosiy kapital»ga ega, qaysi birining «siyosiy vazn»i bor?! Ularning «siyosiy xarizma»sini hech bir asosga ega bo‘lmagan «adolat yo‘q, haqiqat yo‘q» degan gaplariga qarab baholaymizmi yoki ularning «siyosiy axloqi»ni ijtimoiy tarmoqlardagi kurakda turmas postlari darajasi bo‘yicha asoslaymizmi?!
 
Xullas, shuni unutmaylikki, Prezidentlik saylovi arafasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli ig‘volarga ishonish, ularga ergashish hayotimizdagi halovatimizni va baxtimizni yo‘qotishga teng.
 
Aslida, O‘zbekistonda haqiqiy siyosiy muxolifat haqidagi normalar Konstitutsiyamiz asosida yaratilgan qonunchilikda belgilab qo‘yilgan.
 
Nurali Shodiyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat boshqaruvi akademiyasi dotsenti,
ciyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring