Shunday omborxonalar bor ekan-u, biz bilmagan ekanmiz...
«Dori-darmon» AKga press-tur
25-dekabr kuni bir guruh jurnalistlar salkam 100 yillik yo‘lni bosib o‘tgan «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan «Markaziy dorixona retseptura-ishlab chiqarish bo‘limida dori tayyorlash jarayoni» mavzusidagi press-turda qatnashishdi.
Mazkur yirik kompaniya tarkibida 7ta aksiyadorlik, 13ta mas’uliyati cheklangan jamiyat, 16ta nazorat-tahlil laboratoriyalari, 17ta ulgurji omborxona, 2195ta ijtimoiy dorixona va dorixona shoxobchalari faoliyat yuritib, shundan 1436tasi qishloq hududlarida joylashgan.
Maxsus konditsionerli avtotransportlar
Press-tur ishtirokchilari dastlab kompaniyaga qarashli omborxona faoliyati bilan tanishishga taklif etildi. Tasavvurimizdan ko‘ra ancha keng joyni egallagan omborxona bir necha bo‘limlardan iborat ekan.
«Omborxonamiz avvaldan shu hududda joylashgan. Boshida kichik-kichik binochalardan iborat edi. Keyinchalik kompaniya bo‘lganimizdan so‘ng asosiy kelib tushgan daromaddan siz ko‘rib turgan inshootlar qurilgan – deydi boshqarma raisi o‘rinbosari Abdug‘ani Kamilov. – 2013 yilda ushbu omborxonamiz to‘laqonli ishini boshlagan. Yuqori tomonda garajimiz, burchakdagi binoda spirt saqlash joyi, o‘ralgan qismda bojxona hududi, uning yonidan esa butun jarayonlar olib boriluvchi asosiy omborimiz o‘rin olgan».
Garaj hududiga o‘tar ekanmiz qator terilgan yuk mashinalariga ko‘zimiz tushadi. Ularning aksariyati maxsus muzlatkichli yukxona bilan ta’minlangan.
«Biz dori tashishga mo‘ljallangan ushbu transportlarni olish uchun vaqtida «O‘zavtosanoat»ga xat bilan chiqqanmiz. Faqat buyurtma berish orqaligina bunday transportlarni olish mumkin ekan – deydi moliya bo‘yicha direktor Ilyos Razzoqov. – Ularga o‘rnatilgan maxsus konditsionerlar ichkaridagi haroratni 15 – 2 daraja o‘rtalikda sovutib, qishda esa aksincha isitish orqali bir xillikni saqlab beradi. Shu tariqa yukni, masalan, eng uzoq hududlarimizdan biri Qoraqalpog‘iston bo‘lsa, 1200 km. masofaga tegishli haroratda yetkaza olamiz. Xullas, yukxonadagi harorat butun yo‘l davomida haydovchi tomonidan nazorat qilib boriladi».
Ularning ta’kidlashicha, shunday dorilar borki, yetkazib berilgunga qadar tegishli haroratda ushlanmasa, ozmi-ko‘pmi o‘z xususiyatini yo‘qotishi mumkin.
Olovga qarshi himoyalangan bo‘lim
Omborxonaning spirt saqlash bo‘limi ham maxsus jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, mutaxassisning doimiy nazorati ostida ekan. Uning asosiy vazifasi – 96,6%li spirtni tegishli qonun-qoidalarga ko‘ra saqlab, faqat davolash muassasalariga yetkazib berish (dorixonalarda sotilmaydi).
«Spirt saqlash bo‘limimizga bir martada 500 dal. (1 dal. 10 litr)gacha spirt olib kelinadi va u 10 – 15 kunda kerakli davolash muassasalariga yetkaziladi. Spirtni saqlashda xavfsizlik qoidalariga rioya etish shart. Masalan, binomiz ichi, ko‘rib turgan jihozlaringiz olovga qarshi himoyalangan, yana maxsus signalizatsiyalar ham o‘rnatilgan» – deydi «O‘zbekiston dori ta’minoti» MChJ rahbari Abduvohid Inog‘omov.
Bu ham davolash muassasalari uchun qaysidir ma’noda qulaylik, nazarimizda. Chunki ular oz miqdordagi spirt uchun Yangiyo‘l yoki boshqa hududlarda joylashgan spirt ishlab chiqaruvchi zavodlarga borib yurishmaydi.
Barcha jarayonlar qat’iy nazorat ostida
Asosiy omborxonaga kirayotganda hammaning harorati o‘lchanib, qo‘llarga spirt bilan ishlov berildi. Oyoqlarga baxilla kiyib olishimiz so‘ralib, so‘ng ichkariga taklif etishdi. Biz borgan vaqtda omborxonaga ayni yuk qabul qilinayotgan ekan. Har bir jarayon qat’iy nazorat ostida ekani darrov sezildi.
Boshqarma raisi o‘rinbosari Abdug‘ani Kamilovning aytishicha, bu omborga mahalliy kompaniyalardan keluvchi dori-darmonlar qabul qilinadi. Yon tomonidagi bojxona omboriga esa xorijdan import qilingan dorilar olib kiriladi.
Ushbu jarayon bilan bizni «Dori-darmon» MChJ direktori Asqar Ayubjonov tanishtirdi: «Bu bizning ochiq turdagi, umumiy maydoni 2400 kv. metrli bojxona omborimiz. Unda dorilar qishin-yozin 25 darajadan yuqori bo‘lmagan holatda saqlanadi. Keltirilgan yuklar hujjatlar asosida qabul qilinib, muddati, yaroqliligi tekshiriladi. So‘ngra bojxona omborining vaqtincha saqlash – 70-tartibiga qo‘yiladi. Laboratoriya xodimlari bilan birga har tomonlama o‘rganilib, namunalar olinadi, dori xususiyatidan kelib chiqib, hab dori shaklidagilar 7 kun, suyuqlik ko‘rinishidagilar 14 kun davomida sertifikatsiyadan o‘tkaziladi. Muvofiqlik sertifikati olingach erkin muomala tartibi, ya’ni import – 40-tartibga rasmiylashtiriladi. Shundan keyingina bojxona omboridan maxsus omborxonaga beriladi».
6000 ta konteynerni sig‘diruvchi qurilma
Omborxonadagi asosiy jarayonlarning avtomatlashtirilganini hisobga olsak, xodimlar ishi ancha tartibga solingan hamda yengillashgan. Farmatsevt xodimlardan Dilafruz Xalimovaning aytishicha, ular uchun yaratilgan shart-sharoit juda yaxshi. Hammayoq ozoda, kelib-ketishlari uchun maxsus avtobus tashkillashtirilgan. Ish joylari qishda issiq, yozda salqingina.
«Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasining jami ishchilari soni respublika bo‘yicha 500 ga yaqin ekan.
«Markaziy omborxonamiz 4400 kv. metrdan iborat va bu yerda 2ta termolabil dorilar saqlanadigan 2 – 8 hamda 8 – 15 darajali xolodilnik uskunalar mavjud, – deydi omborxona mudiri Ixtiyor Tenglashov. – Hozirgi kunda omborxonamizda 1700 xildan ortiq dori preparatlari saqlanadi va ular qishin-yozin bir xil sharoitda ushlanadi. Bu yerda 30ga yaqin xodim ishlaydi va har birining o‘z vazifasi bor. Bundan tashqari, omborxonada Avstriyaning «Schafer» aylanali innovatsion tizimida ish olib boriladi. U to‘rt qurilmadan iborat bo‘lib, har biri yuklarni ortish va tushirish quvvatiga ega alohida avtomatik moslamalar bilan jihozlangan. Qurilma 4 aylanali tizimda 6000tagacha konteynerlarni sig‘dirish imkonini beradi».
Covid-box nima?
Shu payt hammamizning e’tiborimiz oq xalat kiygan va chaqqon harakatlari bilan qutichalarni qadoqlarga joylayotgan xodimlarga tushdi. Keyin beixtiyor ular tomon yurdik. Bizga ushbu jarayon haqida «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasining analitika va tahlil bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Rizayev ma’lumot berdi:
«Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlar natijasida bir qancha ijobiy natijalarga erishildi. Respublikamizdagi epidemiologik vaziyat ham barqarorlashdi. Ushbu jarayonda kompaniyamiz Covid-boxlarni jamlashda va tarqatishda faol ishtirok etmoqda. Buning uchun dastlab Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyasi asosida dorilar ro‘yxati shakllantirildi, keyin shifokorlar tomonidan yo‘riqnomalar tuzildi. Mazkur qutida 5ta nomdagi dori vositalari mavjud bo‘lib, ular koronavirus bemorlari bilan muloqot qilgan yoki shu xastalikning oldini olish uchun tarqatilmoqda. Ya’ni u Covid-19ni davolashga mo‘ljallanmagan, faqat profilaktika maqsadida yetkazib bermoqda. Jamlanma narxi 32,500 so‘m atrofida bo‘ladi. Uni shakllantirishda bizga mahalliy ishlab chiqaruvchilar yaqindan ko‘maklashmoqda. Pandemiya boshlangan vaqtdan beri, yozda avj olganini hisobga olsak, iyul-avgust oylarida 200 mingta, sentyabr-oktyabrda 300 mingta jamlab, respublika bo‘ylab tarqatdik. Hozirgi kunda yana 500 mingta hozirlashga bel bog‘lab, shundan 184 mingtasini joylarga yetkazib berishga erishdik. Covid-box taqsimoti Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan aholi soni yoki kasalliklar aniqlangan hududlardan kelib chiqib belgilanadi».
Shundan so‘ng jurnalistlar Giyohvandlik dori vositalari va psixotrop dori moddalarini saqlash omborxonasiga ham birrov kirib chiqishdi. Bu yerda 40-50 turdagi vositalar qat’iy tartibda saqlanib, faqat tegishli hujjatlar asosidagina davolash muassasalariga yetkazib berilarkan.
Bizda ham shunday omborxonalar bor ekan…
Bizda ham shunday omborxonalar bor ekan-da, degan tasavvurga ega bo‘lgan jurnalistlar buni albatta keng ommaga yetkazishini bildirib, yana Markaziy dorixonaga qaytishdi.
Ko‘pchilikka yaxshi tanish «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasining markaziy dorixonasi shundoqqina «Chorsu» bozori yaqinida joylashgan. Baland va yorug‘, chiroyli ta’mirlangan binoda allaqachon Yangi yil bayrami shukuhi sezilib turardi. Xushmuomala xodimlar, tartibli joylashtirilgan bo‘limlar, biroz hordiq chiqarishingiz uchun qo‘yilgan yumshoq o‘rindiqlar, uning o‘rtasidagi hamma charchog‘ingizni arituvchi yashil tabiat hamda akvariumda suzib yurgan baliqlar, xuddiki dorixonaga emas, sihatgohga kelib qolgandek tasavvur uyg‘otadi odamda.
Muammolar ham yo‘q emas…
Biroq biz kompaniyaning ishlab chiqarish bo‘yicha direktori Shuhrat Ikromovga sohadagi muammolar haqida savol berganimizda, u biroz o‘ylanib qoldi va javobni sal uzoqroqdan boshladi.
«Dorixonada tayyorlanadigan ekstemporal dori vositalari butun dunyoda haligacha saqlanib kelmoqda. Masalan, Avstraliya, Angliya, Avstriya, Germaniya, Yaponiya va boshqa rivojlangan davlatlarda litsenziya olish uchun dorixonaning o‘zida dori tayyorlash bo‘limi va malakali mutaxassisi bo‘lishi shart, aks holda ularga litsenziya berilmaydi. Xususan, Amerikada yiliga o‘rta hisobda 30-40 mln., Germaniyada 14-15 mln. o‘ram retsept asosidagi dori vositalari tayyorlanadi.
Individual dori-darmon tayyorlashning afzalliklariga kelsak, avvalo, muddatining yangiligi, ikkinchidan shifokor retsepti asosida tarkibi belgilab berilsa, bemor, shifokor va farmatsevt o‘rtasida bog‘liqlik bo‘ladi. Yana bir muhim jihati – qalbaki dori sotib olish xavfi yo‘qoladi. Shuningdek, bemor faqat dori uchun pul to‘laydi. Reklama, ommalashgani uchun pul to‘lash degani bo‘lmaydi bu yerda.
Hozir bizning oldimizda ikkita katta muammo turibdi. Ochig‘i, buning yechimida sizlardan ham yordam so‘raymiz. Yuqorida kimdir ishlab chiqarish quvvatimiz haqida savol bergandi. To‘g‘ri, avval quvvatimiz ko‘p bo‘lgan. 2016-yilda respublika bo‘ylab 85ta dori tayyorlaydigan dorixona bo‘lgan. Lekin hozirga kelib 21 tadan oshiqroq qoldi. Kamayib ketishining ikkita sababi bor. Birinchisi, dori tayyorlashda foydalanadigan xomashyo – substansiyalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish degan qonun bilan bog‘liq. Ilgari sertifikatsiya qilib, bir martalik ruxsatnomalar berilardi. Endi chet eldan olib kelayotganda ro‘yxatdan o‘tkazish shart bo‘lib, bu ma’lum bir moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. Biroq bizda dorixonalarda tayyorlanadigan dorilarga substansiyalar miqdori ko‘p emas. Chet ellik ishlab chiqaruvchilar uchun kam hajmga pul to‘lash qulay emas.
Rivojlangan davlatlarda esa dorixonalarda tayyorlanadigan ekstemporal dorilar faqat sertifikatsiya qilinadi, lekin ishlab chiqaruvchining yangi standartlarga mosligi to‘g‘risida hamma hujjatlari bo‘lishi kerak. Bizda ham aynan shu jarayonni yo‘lga qo‘yish lozim.
Ikkinchi masala 2017-yil ekstemporal dorilarning ulgurji savdosi to‘xtatib qo‘yilgani bilan bog‘liq.
Biroq boshimizga kelgan pandemiya sabab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-apreldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan 2020-yil 1 -oktyabrgacha dorixonalarda tayyorlanadigan dori vositalari, tibbiy buyumlar va boshqa mahsulotlarni ulgurji sotishga ruxsat berildi. Bu jarayonning amal qilish muddati 2021-yil 1-yanvargacha uzaytirildi.
Kompaniyamiz pandemiya davrida aholi o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan, koronavirus kasalligini yengishda samarali hisoblangan Askorbin kislotasi kukunini dorixonada tunu kun tayyorlab, Covid-19ga qarshi profilaktika maqsadida jamlanayotgan dori vositalari to‘plamiga joylashtirdi. Bundan tashqari, JSST tomonidan tavsiya etilgan tarkib bo‘yicha dezinfeksiya vositasi ham tayyorlab, barcha hududlarga tarqatdi.
2020 yilning 11 oyida «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi markaziy dorixonasida 1,5 mlrd. so‘mlik, tizim bo‘yicha 2,7 mlrd. so‘mdan ziyod dori vositalari va dezinfeksiya vositalari tayyorlandi. Bu ko‘rsatkich kompaniya bo‘yicha 2019 yilga nisbatan 495%, tizim bo‘yicha 63%ga o‘sishni ko‘rsatdi».
Shohida Isroilova,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter