Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat G‘aniyev haqida deputat jiyani fikr bildirdi: «Amakim ziddiyatli shaxs, ammo...»

Shuhrat G‘aniyev haqida deputat jiyani fikr bildirdi: «Amakim ziddiyatli shaxs, ammo...»

Shuhrat G‘aniyev, Farg‘ona viloyati hokimi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev amakisi – Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev haqida fikr bildirdi.

D.G‘aniyev Farg‘ona viloyati hokimining jiyani (akasining o‘g‘li) ekaniga oid gap-so‘zlar rost ekanini ta’kidlab, amakisi haqiqatda ziddiyatli shaxs bo‘lib, jamoatchilikda u haqda yaxshi tasavvur shakllanmaganini ochiq e’tirof etdi. Biroq uning o‘ta mehnatkash, talabchan, yurtiga va davlat rahbariga sadoqati borasida hatto shubhaga o‘rin yo‘qligini alohida qayd etadi.

Doniyor G‘aniyev

Doniyor G‘aniyevga ko‘ra, «hokimning jiyani» ekani unga hech qanday imtiyoz taqdim etmagan, «propiskam bo‘lmagani uchun o‘z vaqtida Toshkentda ishlay olmaganim, diplomim nostrifikatsiya qilinmagani (D.G‘aniyev Buyuk Britaniyadagi «Oxford Brookes» unverstiyetida tahsil olgan, ixtisosligi – buxgalter-auditor) uchun davlat tashkilotiga ishga joylasha olmaganimda ham men hokimning jiyani edim. Tadbirkorlik bilan shug‘ullangan paytimda bankdan kredit olishda muammolarga duch kelganimda ham – hokimning jiyani edim. Qisqasi, hokimning jiyani ekanim menga qandaydir imtiyoz bermagan», mazmunida gapiradi u.

Shuningdek, Doniyor G‘aniyev mahalliy boshqaruv organiga ishga joylashib, xizmat pog‘onalarida tezda ko‘tarilgani, shuningdek, nomzodi deputatlikka ko‘rsatilishida amakisining ta’siri bo‘lganini inkor qilmaydi. Biroq hozirgacha nimaga erishgan bo‘lsa, o‘z mehnati va harakati natijasi ekanini ta’kidlaydi.

Doniyor G‘aniyev Oliy Majlis deputatligiga 11-Marg‘ilon saylov okrugidan saylangan. U parlament quyi palatasining yosh va eng faol sanoqli deputatlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, o‘zining bir qator tanqidiy chiqishlari bilan yaxshi tanilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring