Sho‘manoydagi vaziyatni xaritaga bir qarab ham bilsa bo‘ladi — Hokim
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga qilgan tashrifi chog‘ida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning o‘nta ustivor yo‘nalishi belgilab berilgan edi. Sho‘manoy tumanida bo‘lib o‘tgan tuman Xalq deputatlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi aynan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga bag‘ishlandi. Dastlab tuman hokimi Baxodir Yangiboyev xalq vakillariga hisobot bergan bo‘lsa, o‘z navbatida deputatlar ham hokimni savolga tutishdi.
— Tumanimizda yaqinga qadar ham korxonalar yo‘q edi, 2017 yilgacha Sho‘manoyda umuman sanoat ishlab chiqarishi bo‘lmagan, — aytib o‘tdi hokim. — Mana endi birin-ketin qurilmoqda. Joriy yilning mart oyida «Sho‘manoy Ekoteks» tekstil korxonasi ishga tushdi.
Korxona ishga tushgach, tumanda sanoat ishlab chiqarishi keskin ortdi. Taqqoslash uchun — 2017 yilda 23 milliard so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgan edi. 2018 yilda 39 milliard va 2019 yilda 56 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlandi. Joriy yilning 9 oyida esa 104 milliardlik ishlab chiqarishni amalga oshirib qo‘ydik. Demak, kelasi yil natijalarimiz keskin yaxshilanishini kutsak bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: «Sho‘manoy Ekoteks» MChJ 2020 yilning mart oyida to‘liq quvvatda ishga tushirilgan bo‘lib, 480 nafar ishchi 3 ta smenada faoliyat olib boradi. Korxonada paxtadan ip-kalava ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yillik quvvati 7300 tonnadan iborat.
Ushbu korxona ishlab chiqargan mahsulot Rossiya, Xitoy, Turkiya va Belarusga eksport qilib kelinmoqda. Joriy yilning o‘zida 5 million AQSh dollarilik mahsulot chetga sotilishi rejalashtirilgan.
Kengash davomida ichimlik suvi mavzusi bir necha bor ko‘tarildi. Afsuski sifatli ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoj ayniqsa Sho‘manoyda juda dolzarb. Deputatlarning savoli shu haqda bo‘ldi — chekka hududlarga qachon suv yetib boradi?
— Darhaqiqat Sho‘manoy tumanida ichimlik suvi bilan ta’minlash eng past darajalardan bo‘lib turibdi, — deya tan oldi Baxodir Yangiboyev. — Shu maqsad yo‘lida ikki milliard so‘mdan 4 milliard so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ yo‘naltirildi. Tumanda katta bir muammo bor — Sho‘manoy bilan tanishib chiqqan yoki shunchaki xaritaga bir qaragan odam ham aholi punktlari qay darajada tarqoq joylashganini ko‘rishi mumkin. Aynan shu holat qo‘shimcha muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Shunga qaramasdan ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlari to‘xtab qolgani yo‘q. Eng asosiy masala —xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash, rozi qilish. Shu o‘rinda biroz raqamlarga to‘xtalsak, 2018 yilda suv ta’minoti 49 foiz edi, 2019 yilda 52 foizga yetdi. Bugungi kungi ko‘rsatkich 66 foiz bo‘lib turibdi. 2021 yil dasturida Serjan, Besquduq kabi chekka ovullarni suv bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz.
Tumanda shunday aholi punktlari borki, 5 yoki 6 tagina xonadondan iborat. Bunday joylarni yer osti suvi bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Artezian quduqlar qaziladi va chiqarilgan suv maxsus tekshiruvdan o‘tkaziladi. SEOM ruxsat bergandan so‘ng bu suvdan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Deputatlarni qiziqtirgan yana bir masala — bolalar bog‘chasi bo‘ldi. Savolning diqqatimizni tortgan joyi quyidagicha edi: «Umrimizning davomi bo‘lmish farzandlarimiz uchun bolalar bog‘chalari quriladimi?»
— Bu bo‘yicha yetarlicha ish olib borilyapti. Ikki yil oldin bog‘cha yoshidagi bolalarni qamrab olish 26 foiz edi holos. Prezident Shavkat Mirziyoyevning avvalgi tashriflari vaqtida bu muammoni tezlikda hal qilish bo‘yicha topshiriqlar berilgandi va tumanda 3 ta bolalar bog‘chasi qurildi. Hozirda bolalarni qamrab olishni 66 foizga yetkazdik. Bu ishlar hali davom etmoqda, kelasi yil yana bog‘chalar qurilishi kutilmoqda. Xususiy tarmoqda 14 ta bolalar bog‘chasi quriladi. Afsuski chekka hududlarda muammo kuchliroq. Shu sababli aynan shu tomonga e’tibor qaratamiz. 2021-2022 yillarda chet hududlarda 4 ta bog‘cha qurish rejalashtirilgan.
Kengash davomida deputatlar bir narsaga alohida e’tibor qaratishdi —tuman hududidan o‘tgan kanaldagi ko‘priklardan biri juda og‘ir ahvolda. Qurilganiga ancha bo‘lgan, shu bois hozirda yangi ko‘prikka ehtiyoj bor. Xo‘sh, bu ishning iloji bormi?
— Dedek ovuliga o‘tib boradigan yo‘lda qurilgan ko‘prik shu vaqtga qadar egasiz edi. Bir vaqtlar Sho‘manoy kanali qazilganda ko‘prik ham qurib ketilgan, ammo shundan so‘ng unga egalik qiladigan tashkilot bo‘lmagan. Yaqinda amalga oshirilgan tashrif davomida Prezidentga 24 ta muammo ko‘rsatildi. Davlat rahbarining topshirig‘i bilan bu muammolarning barchasi hal qilinmoqda. Shular qatorida ko‘prik masalasi ham bor. Ayni vaqtda bu bo‘yicha ish boshlab yuborilgan va yaqin vaqtlarda yangi ko‘prik foydalanishga topshiriladi.
Sho‘manoyda bo‘lganimizda bir narsaga e’tibor qaratdik — hududdagi hamma muammolar ham hokimlikka tegishli emas ekan. Xususan, tumandagi ko‘mir kukunidan briket ishlab chiqaradigan kichik korxonani olsak. Uni ishga tushirish uchun tadbirkor bankdan 3 milliard so‘mga yaqin kredit olgan. Ammo ikki yil oldin ochilgan korxona bir hafta ishlagan xolos. Chunki unga oddiygina xom-ashyo — ko‘mir kukuni beradigan tashkilot yo‘q.
— Ushbu korxona oyiga 3 ming tonna ko‘mir kukunini qayta ishlashga qurbi yetadi. Ammo xom-ashyo yo‘q. Bu borada Vazirlar mahkamasiga murojaat qilingan. Shundan so‘ng «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga topshiriq berilgan edi. Tashkilot mutaxassislari korxonani kelib o‘rgandi va xom-ashyo yetkazishga va’da berishdi. Ammo va’da va’daligicha qolib ketdi. Shu orada «O‘zbekko‘mir» vakillari ham keldi, ammo fond ajratilmadi, degan vaj bilan yana xom-ashyosiz qolib ketdik. Aftidan yana Vazirlar Mahkamasiga murojaat qilamiz shekilli. Agar masalani hal qilasak, ushbu kengashdan undirgan yana bir foydamiz shu bo‘lardi, — dedi Bahodir Yangiboyev.
Kengashdan chiqarilgan xulosa — tumanda muammolar bor, ammo ularni hal qilishga bo‘lgan ishonch ham yetarli. Tuman hokimining ta’kidlashicha, Prezident tashrifi vaqtida tadbirkorlarga beriladigan yangi imtiyozlar borasida topshiriq berilgan.
—Prezident tashrifi vaqtida uchta tuman — Bo‘zatov, Taxtako‘pir va Sho‘manoy tumanlariga katta imtiyoz berildi. Unga ko‘ra, yuridik shaxslar yer-mulk va aylanma soliqlardan uch yilgacha ozod qilinadi. Biz hisob-kitob qilib ko‘rdik, bir yilning o‘zida 4 milliard 157 million so‘m mablag‘ tadbirkorning o‘zida qolar ekan.
Yaxshi bilamiz, Prezident qaroriga ko‘ra mahalliy budjetlardan orttirilgan soliq tushumlari hududlarning o‘zida qoladigan bo‘lgan. Bu qaror ham tumanimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga katta yordam bermoqda. Bir necha yil oldin biror masala chiqib qolsa 100 million tugul, 50 million so‘m topish ham qiyin edi. Endi esa budjetdan ortgan pul tumanda qolyapti. Natijada ancha-muncha ijtimoiy masalalarni bemalol o‘zimiz hal qilyapmiz. 2018 yil 11 ta maktabni ta’mirdan chiqargan edik, 2019 yil yana 6 ta maktabni o‘zimiz ta’mirladik. Tadbirkorlikni qancha rivojlantirib, soliq tushumlarini oshirsak, tumanimiz rivoji uchun shuncha ko‘p mablag‘ga ega bo‘lamiz. Kelasi yilda Sho‘manoyda ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari keskin yaxshilanib, yetakchi o‘rinlarga chiqishini rejalashtiryapmiz. Buning uchun imkoniyatlarimiz yetarli.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter