Shimoliy Koreya hakerlari 3 milliard dollar o‘g‘irladi
Shimoliy Koreya hakerlari 2017 yildan buyon 3 milliard dollar miqdoridagi kriptovalyutalarni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘ldi. Hakerlar birgina 2023 yilda 600 milliondan 1 milliard dollarga qadar mablag‘ni «tuya qilish»ning uddasidan chiqqan.
Bu haqda Microsoft kompaniyasi tayyorlagan 2024 yilda kiberxavfsizlikka doir hisobotda so‘z yuritiladi.
Kim Chen In ma’muriyatining yadro tadqiqotlari va raketa sinovlari dunyo ahlini tashvishga solayotgani ma’lum. O‘marilgan mablag‘ aynan Pxenyanning yadro dasturini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.
Ushbu mablag‘ Shimoliy Koreya yadro dasturi xarajatlarining yarmini qoplagan.
Hisobotga ko‘ra, 2023 yildan Shimoliy Koreyaning hakerlar guruhlari soni yanada ortgan. Bu esa Kim Chen In ma’muriyati o‘g‘rilik va tovlamachilik yo‘li bilan mablag‘ o‘zlashtirish amaliyotini kengaytirayotganidan dalolat beradi.
Microsoft tahlilchilari Shimoliy Koreyadan tashqari Rossiya, Eron va Xitoy hakerlar guruhlari ham faol ekanini ta’kidlagan.
Avval xabar berganimizdek, BMT Shimoliy Koreya hukumati nazoratidagi hakerlar 2022 yil davomida 1 milliard dollar miqdoridagi mablag‘larni o‘marishga muvaffaq bo‘lganini tasdiqlagan.
Kiberjinoyatchilar shu qadar mahorat bilan harakat qilganki, o‘g‘irlangan virtual mablag‘ va kriptovalyutalarni kuzatish qiyin kechgan. Kiberhujumlar Shimoliy Koreya razvedka idorasi nazoratidagi hakerlar guruhi tomonidan amalga oshirilgani xabar qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter