Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

ShHT doirasida savdo jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha bitimni ishlab chiqish vaqti keldi – Shavkat Mirziyoyev

ShHT doirasida savdo jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha bitimni ishlab chiqish vaqti keldi – Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi e’lon qilindi.

Davlat rahbari O‘zbekiston nuqtai nazari bo‘yicha ShHT oldida turgan eng dolzarb vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Jumladan, birinchidan, global darajada ishonch taqchilligi misli ko‘rilmagan darajaga chiqqan sharoitda umumiy xavfsizligimizni ta’minlashda yangi yondashuvlarni izlash zarurati o‘sib bormoqda.

Shu bois, hozirgi paytda umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi hamjihatlik bo‘yicha biz ilgari surgan Samarqand tashabbusining ahamiyati har qachongidan ham dolzarbdir.

ShHTning Yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksi qabul qilinishi hozirgi yangi sharoitda muloqotni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkonini beradi, deb hisoblaymiz.

Ikkinchidan, iqtisodiy sohada hamkorlik bo‘yicha strategik yuksalishga erishish.

O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo davlatlar bilan savdo aylanmasi o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha 20 foiz, joriy yil boshidan buyon esa yana 15 foizga o‘sdi.

ShHT doirasida savdo jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha bitimni ishlab chiqish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Hujjatga savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, texnik reglamentlar va sertifikatlash, fitosanitariya va veterinariya nazorati tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni kiritish mumkin.

Bundan tashqari, transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha jahondagi tendensiyalarni hisobga olgan holda, ushbu sohada amaldagi raqamli savdo platformalari integratsiyasini ko‘zda tutuvchi hamkorlik dasturini tayyorlashni taklif etamiz.

Uchinchidan, sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash.

Eng avvalo, infratuzilma, sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlari va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etamiz. Bunda ushbu loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini puxta o‘ylab ko‘rish, ShHT Jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishga qaytish muhim.

To‘rtinchidan, «Sharq–G‘arb» va «Shimol–Janub» yo‘nalishlari bo‘yicha inklyuziv transport tizimlarini shakllantirish mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyatini samarali rivojlantirish imkonini beradi.

Alohida ta’kidlab aytaman: transport yo‘laklari ko‘p variantli bo‘lishi – bu butun mintaqamiz barqaror rivojlanishining eng muhim shartidir.

Shuningdek, logistika jarayonlarini raqamlashtirish rejasini ishlab chiqish, shu jumladan, mamlakatlarimiz chegaralari orqali o‘tadigan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarning elektron almashuvini tashkil etishni taklif qilamiz.

Beshinchidan, ShHT makonida zamonaviy va ishonchli energetika infratuzilmalarini kengaytirish.

Biz O‘zbekistonda «yashil» energetikani jadal rivojlantirish bo‘yicha katta dasturni qabul qildik. Yiliga ikki gigavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirmoqdamiz. Sanoat darajasida «yashil» vodorod ishlab chiqarish loyihasi ustida ish boshlandi.

Qayta tiklanadigan energetikaga investitsiya va texnologiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish bo‘yicha hamkorlikning kompleks rejasini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Oltinchidan, jadallashtirilgan raqamli transformatsiya.

Bizning fikrimizcha, raqamli iqtisodiyotga o‘tish, «sun’iy intellekt»ni, ilg‘or IT qarorlarni joriy etish mamlakatlarimiz raqobatbardoshligida hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Shu borada bilimlar, tajriba va eng yaxshi amaliyotlar almashuvi, IT parklarning tizimli hamkorligini rivojlantirish maqsadida «ShHT kelajak texnologiyalari» dasturini ishlab chiqish tarafdorimiz.

Yettinchidan,  ijtimoiy rivojlanish va himoya sohasida ShHT mamlakatlari hamkorligi bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Ishonchim komilki, aholi hayot darajasini yuksaltirish va hududlarni, birinchi navbatda, qishloq joylarni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni amalga oshirish 2030 yilgacha mo‘ljallangan eng muhim maqsadlarga erishish yo‘lida umumiy hissa bo‘ladi.

Sakkizinchidan, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularni yetkazib berish imkoniyatlari nomma-nom aks ettirilgan mamlakatlarimizning agrosanoat sohasidagi salohiyati haqidagi ma’lumotlarni birlashtiradigan «ShHT oziq-ovqat xavfsizligi atlasi» qo‘shma elektron platformasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz», – deydi O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring