Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherzod Shermatov: «Prezident tomonidan qat’iy vazifa qo‘yildi: tizimni o‘zgartirish zarur!»

Sherzod Shermatov: «Prezident tomonidan qat’iy vazifa qo‘yildi: tizimni o‘zgartirish zarur!»

Foto: «Gazeta.uz»

Innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari Sherzod Shermatov o‘zining «Facebook»dagi sahifasida Prezident tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tanqidiy o‘rganish vazifasi topshirilganini ma’lum qildi.

«Avvallari ilmiy darajalarni egallashda sifatni nazorat qilish uchun zarur deb hisoblangan  qog‘ozbozlikka qaramay, ayni damda xalqaro ko‘rsatkichlar bo‘yicha ushbu faoliyat bilan faxrlana olmaymiz», deb yozadi Sh.Shermatov.

Uning aytishicha, 2016-yildagi «Scopus» ma’lumotlar bazasiga ko‘ra iqtibos keltirilgan ilmiy ishlar soni Qozog‘istonda 3066 ta bo‘lgani holda O‘zbekistonda 575 tani tashkil etdi. Bir million aholi hisobiga O‘zbekistonda 18 ta, Ozarbayjonda 91 ta, Qozog‘istonda 170 ta, Belarusda 189 ta, Ukrainada 227 ta va Rossiyada 509 ta ilmiy maqola to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, sonning kamligiga qaramay, maqolalar sifati ham yuqori emas. Bir maqolaning iqtibosga egalik indeksi o‘rtacha Rossiyada 0,54, Ukrainada 0,61, Ozarbayjonda 0,89, Belarusda 0,94 bo‘lgani holda O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i 0,34 ni tashkil etgan.

2,5 mingdan ortiq fan doktoridan bor-yo‘g‘i 300 nafari «Xirsha» indeksiga ega, ulardan faqat 32 nafari 5 dan ortiq «Xirsha» indeksiga ega.

Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, ilmiy daraja olishning iqtisodiy rivojlangan mamlakatlardagi kabi universitetlarga emas, balki OAKka asoslangan, qog‘ozbozlik ko‘p bo‘lgan o‘ta qiyin tizimiga qaramay, bu ilmiy faoliyat sifatining xalqaro talablarga javob beradigan darajada oshishiga xizmat qilmayapti.

«Universitetlarning ikki xalqaro «QS» va «THE» reytingi universitetni jahonning eng kuchli 1000 universiteti safiga kiritish masalasini ko‘rib chiqish uchun «Scopus» jurnalida 200 dan kam bo‘lmagan ilmiy material chop etilishini talab etadi. Bizda esa birorta ham bunday universitet yo‘q, chunki respublika bo‘yicha yiliga bor-yo‘g‘i 575 ta ilmiy maqola chop etilar ekan».

Vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, Prezident tomonidan qat’iy vazifa qo‘yilgan: tizimni o‘zgartirish zarur! Ammo bu safar xato qilmaslik lozim. Shu sababli Prezident farmoni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilmoqda.

«Barchadan mamlakatimiz ilmiy salohiyatini oshirishga o‘z hissangizni qo‘shishingizni va taklif va mulohazalaringizni qonun hujjatlarini baholash tizimi portali orqali bildirishingizni so‘raymiz», — deb yozadi vazir o‘rinbosari.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring