Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherzod Shermatov maktab imtihonlarida adolatli tizim qanday yo‘lga qo‘yilganini aytib berdi (video)

Sherzod Shermatov maktab imtihonlarida adolatli tizim qanday yo‘lga qo‘yilganini aytib berdi (video)

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Xalq ta’limi vaziri bo‘lib ishlagan paytda maktab imtihonlarida sun’iy intellektni qo‘llab, adolatli tizimni o‘rnatish ishlari boshlanganini aytib berdi.

Bu haqda u 24 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan «Sun’iy intellekt — texnologik rivojlanish asosi» mavzusidagi xalqaro anjumandagi ma’ruzasi chog‘ida gapirdi.

«Masalan, men o‘zim bu lavozimga qo‘yilganimga 1 haftayam bo‘lmadi, ungacha Xalq ta’limi vazirligida ishlaganman. Shu davrda Baholash markazi ochib, sun’iy intellektni qo‘llab, test o‘tkazdik, bunda bir-biridan ko‘chirish, telefon ishlatish va boshqa shu kabi holatlarning oldini oladigan tizim ishlab chiqdik. Kameradan hammaga birdek qarab turishga odam ulgurmasligi mumkin, lekin biz yaratgan tizimda sal uyoq-buyoqqa qimirlasa ham, sun’iy intellekt darrov aniqlab, diskvalifikatsiya qiladi. Shu orqali imtihon o‘tkazishda adolatli tizimni yo‘lga qo‘yish ishlarini boshlagandik», dedi Shermatov.

AKT vazirining fikricha, bunday anjumanlar sun’iy aqlning ijobiy va salbiy tomonlari, kelajakda oldimizda turgan imkoniyatlari va xatarlarini ham tahlil qilish, to‘g‘ri yo‘lni tanlashga yordam berishini aytgan.

«Sun’iy aql ko‘rinishidan juda qiyin sohaga o‘xshaydi, lekin biz hozir bu bilan shug‘ullanmasak, ertaga kech bo‘lib qolishi mumkin. Masalan, to‘rtinchi sanoat inqilobi haqida ko‘p eshitganmiz. Hamma ishlarni mashinalar bajaradi. Bularning bari iqtisodiyotda ham, davlat boshqaruvida ham inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ta’lim, ilm-fan yo‘nalishidagi odamlarga ozroq muammo tug‘diradi, ya’ni ular farzandlarini qaysi kasbga o‘qitishi kerak bo‘ladi? Hamma yoq sun’iy aqlga aylanib ketsa, bizning bolalarimiz ishsiz qoladimi, degan tushunchalar ham paydo bo‘lishi mumkin», deya savol o‘rtaga tashlaydi vazir.

Uning bildirishicha, bunday savollarga aynan mana shunday xalqaro anjumanlar orqali, tajriba almashish hisobiga javoblar olish mumkin. Shermatovning aytishicha, O‘zbekistondagi deyarli barcha davlat idoralari, vazirliklar sun’iy intellektdan foydalanish harakatida. «Osmondagi gapga o‘xshashi mumkin, lekin istalgan sohada sun’iy intellektning foydasi tegadi», deydi AKT vaziri.

«Yana bir muhim masala, machine learning, ya’ni mashinalarni o‘qitish sohasini ham rivojlantirishimiz kerak, ya’ni mashinalar o‘qiydigan ma’lumotlarni ko‘paytirish. Oddiy misol keltirsam, avtobuslarning qatnov vaqtlarini osonroq va aniqroq qilib berilsa, bekatda turgan tadbirkorga ham qulay bo‘ladi. Chunki bekatdagi odam avtobus kelishiga hali vaqt borligini aniq bilib, do‘konga kirib bemalol savdosini qilishi mumkin», deya fikr bildirdi Sherzod Shermatov.

Vazirning ma’lum qilishicha, ayni paytda sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi tayyorlanmoqda. Buning uchun takliflar qabul qilinishi aytilgan.

«Bu strategiya osmondan olinmaydi, balandparvoz bo‘lmaydi, odamlarga foydasi tegadigan sodda qilib tuziladi. Hammaga rahmat», deya so‘zini yakunladi vazir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring