«Shaytanat» teleekranlarga qaytmoqda. Efir kuni ma’lum bo‘ldi
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng milliy kinematografiyamizda juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan «Shaytanat» seriali «O‘zbekiston» telekanalida efirga uzatilishi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, sevimli adibimiz Tohir Malikning «Shaytanat» asari o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida dunyo yuzini ko‘rgan va o‘n besh yildan ortiq vaqt mobaynida jami beshta kitob millionlab nusxada chop etilgan edi.
Bu asarning dastlabki kitoblari asosida suratga olingan «Shaytanat» seriali ham tomoshabinlarning juda kuchli qiziqishiga sabab bo‘lgan. Yodgor Sa’diyev rahbarligidagi «Qalqon» studiyasi tomonidan ishlangan bu film namoyishi boshlanganidan so‘ng ko‘p o‘tmay to‘xtab qolgan va buning sababi rasman izohlanmagan edi.
Serialning ishlangan, ammo efirga uzatilmagan qismlari Yodgor Sa’diyev tomonidan hech kimga ko‘rsatilmay pinhon saqlab kelingani to‘g‘risida ma’lumotlar bor.
Mana, buning ham sababi ma’lum bo‘ldi. Oradan 15 yildan ortiq o‘tib «Shaytanat» teleekranlarga qaytmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda 30 aprel kuni dastlab bu serial haqida maxsus tok-shou bo‘lib o‘tadi. 1 maydan boshlab esa «Shaytanat» efirga uzatila boshlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter