Shavkat Mirziyoyevning Farg‘onaga ikki kunlik tashrifi nihoyasiga yetdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi Mustaqillik mavzesida barpo etilgan ko‘p qavatli uy joylarni ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Davlatimiz rahbarining 2016-yil 11-noyabrdagi «2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p qavatli uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq o‘tgan yili bu mavzeda beshta 7 qavatli uy qurilib, foydalanishga topshirilgan edi. Ularda oilalarning yashashi uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Kvartiralar isitish qozoni bilan ta’minlangan, yo‘laklarga zamonaviy liftlar o‘rnatilgan.
Bugungi kunda mavzeda joriy yilga rejalashtirilgan 10 ta uy qurilishi jadal davom etmoqda. 2019 va 2020 yillarda bu yerda yana 19 ko‘p qavatli uy qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bu yerda umumta’lim maktabi, bog‘cha, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, ko‘p qavatli avtoturargoh barpo etish mo‘ljallangan.
Shu yerda dastlab Farg‘ona shahrining Bosh rejasi haqida ma’lumot berildi. Qo‘qon va Marg‘ilon shaharlarini rivojlantirish, viloyatda ichimlik suv va oqova tarmoqlari, shaharlardagi ko‘p qavatli uylarni isitish tizimini yaxshilash loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Prezidentimiz loyiha-takliflarni ma’qullab, qurilish ishlarini sifatli bajarish, shahar mavzelarini obod qilish, yangi turar joylarni jahon arxitekturasi yutuqlari asosida bunyod etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘onaga ikki kunlik tashrifi nihoyasiga yetdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter