Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev uyiga qaytgan odamlar bilan uchrashdi (foto)

Shavkat Mirziyoyev uyiga qaytgan odamlar bilan uchrashdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari kecha suv toshqiniga duch kelgan qishloqlarda bo‘lib, hududni tozalash, infratuzilma ob’yektlarini tiklash, aholi uchun sharoit yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Suv xo‘jaligi vazirliklari, huquq-tartibot idoralari, qurilish-ta’mirlash tashkilotlari va mahalliy hokimliklarning o‘zaro muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari natijasida bu yo‘nalishda jadal ishlar olib borilmoqda. Toshqin tufayli hosil bo‘lgan chiqindilar yig‘ishtirilib, hudud dezinfeksiya qilinmoqda. O‘t o‘chirish mashinalari yordamida ko‘lmaklardagi suv tortib olinmoqda. Yo‘llar ochilib, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tiklanmoqda.

Natijada bugun ayrim mahallalarda oilalar o‘z uylariga qayta boshladi. Boshqa joylarda tozalash-ta’mirlash ishlari tezkor sur’atlarda davom etmoqda. Yaqin vaqtlarda ularda ham zarur sharoitlar yaratilib, hayot yana o‘z iziga tushadi.

Prezidentimiz Sardoba tumanidagi Qo‘rg‘ontepa mahallasini borib ko‘rdi. Hukumat komissiyasi mutasaddilari amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.

Ushbu mahalla fuqarolar yig‘inida 530 ta xonadon bo‘lib, 4200 nafar aholi istiqomat qiladi. Hudud suv toshqiniga birinchi bo‘lib duch kelgan, odamlar tezkor ravishda xavfsiz joylarga ko‘chirilgan edi.

Katta kuch va texnika vositalari, askarlar, xodimlar jalb qilinib, amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida tabiiy ofat oqibatlari bartaraf etilyapti, odamlar o‘z uylariga qayta boshladi.

Davlatimiz rahbari shunday uylardan biriga kirib, xonadon egalaridan hol-ahvol so‘radi. Barcha qatori ularga ham moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilishi, hech kim e’tibor va g‘amxo‘rlikdan chetda qolmasligini yana bir bor ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev qadrdon makoniga qaytgan mahalla aholisi bilan muloqotda bo‘ldi.

***

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oqoltin tumanida ham bo‘ldi. Mutasaddi xodimlar favqulodda hodisa yetkazgan zarar, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida axborot berdi.

Suv toshqini tumanning Shodlik va Ahillik mahallalari hududini ham bosgan edi. Ularda yashayotgan 11 mingdan ziyod aholi Guliston shahri hamda Jizzax viloyatining Mirzacho‘l va Do‘stlik tumanlariga evakuatsiya qilindi. Ushbu noxush voqea oqibatida tumandagi jami 13 ming 397 gektar paxta, g‘alla va poliz ekinlariga zarar yetgan.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga har bir xonadon egalari bilan gaplashib, ularning uy-joylarini ta’mirlash, yaxshi sharoiti mavjud xonadonlarga aholini qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Navbatdagi manzil – Mirzaobod tumani. Bu yerda nuroniylar, mahalla oqsoqollari va  faollari, jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv bo‘ldi.



Bu hudud ham suv toshqini katta ta’sir ko‘rsatgan hududlardan biri. Navbahor, Haqiqat, Bahoriston hamda Yo‘ldoshobod mahllalarida yashovchi qariyb 15 ming aholi tumanning Yangiobod mahallasi hamda Yangiyer shahriga joylashtirilgan. Jami 7084 gektar qishloq xo‘jaligi maydoniga zarar yetgan.

Prezidentimiz qurilish-ta’mirlash ishlarini xalq bilan maslahatlashib amalga oshirish, dehqon va fermerlar muammolarini joyiga chiqqan holda hal etish zarurligini ta’kidladi.

Aholi vakillari davlatimiz rahbariga shunday qiyin vaziyatda xalq bilan birga bo‘lgani, qisqa vaqtda katta ishlar qilinib, hayot izga tushayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Shu yerda hukumat a’zolari, mutasaddi rahbarlar bilan qishloq xo‘jaligi maydonlarini qayta foydalanishga kiritish, shikast yetgan yo‘l va ko‘priklarni ta’mirlash masalalari muhokama qilinib, chora-tadbirlar belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring