Shavkat Mirziyoyev o‘smirlar termasini chempionlik bilan tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasiga tabrik yo‘lladi.
"Ayniqsa, finalda musobaqa mezboni – Saudiya Arabistoni kabi g‘oyat kuchli jamoaga qarshi keskin bellashuvda turli bosimlarga qaramasdan, o‘n bir o‘yinchiga qarshi to‘qqiz futbolchi shiddatli kurash olib borganingiz chinakam jasorat va matonat namunasi bo‘ldi. Sizlar namoyon etgan yuksak mardlik va mahorat har qanday tahsinga sazovordir.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, uch nafar iste’dodli va mohir sportchimiz yakka tartibdagi sovrinlar egasi bo‘lgani, jumladan, Ne’matulloh Rustamjonov – turnirning eng yaxshi darvozaboni, Asilbek Aliyev – eng yaxshi to‘purari, Sadriddin Hasanov – eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilganini ham alohida ta’kidlash lozim.
El-yurtimiz sizlarning timsolingizda doimo oldinga intilib yashaydigan, yuksak marralarni zabt etishga qodir Yangi O‘zbekiston yoshlarining eng yorqin vakillarini ko‘radi va sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi.
Mamlakatimizda sportga, jumladan, futbol rivojiga berilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy natijasi bo‘lgan mana shunday tarixiy g‘alaba uchun sizlarga, sizlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onalaringiz va ustoz-murabbiylaringizga chin dildan samimiy minnatdorlik bildiraman", deyiladi tabrikda.
Eslatib o‘tamiz, 20-aprel kuni kechgan bahsda O‘zbekiston Saudiya Arabistonini 2:0 hisobida yengdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter