Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Turkiya vitse-prezidentini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Turkiya vitse-prezidentini qabul qildi

28-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Fuat Oktayni qabul qildi.

Ikki mamlakat amaliy hamkorligini yanada kengaytirish hamda yetakchi korxona va kompaniyalarning yangi kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston-Turkiya do‘stlik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarida oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqot tufayli erishilgan bugungi darajani yuksak baholadi.

O‘z navbatida, vitse-prezident Fuat Oktay iliq qabul uchun O‘zbekiston yetakchisiga minnatdorlik bildirdi hamda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Turkiya kompaniya va investorlarining mamlakatimizdagi faoliyatiga ko‘rsatilayotgan katta ko‘mak uchun alohida minnatdorchilik bildirildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanish sur’ati va pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish borasida ko‘rilayotgan choralar alohida ta’kidlandi.

Xususan, yil boshidan turli darajalardagi almashinuv va muloqotlar faollashdi, o‘zaro savdo hajmi va qo‘shma investitsiya loyihalari soni muttasil ortib bormoqda. Bugun bo‘lib o‘tgan qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning tadbirlari va biznes vakillari ishtirokidagi ishbilarmonlik dasturi yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Toshkent shahrida o‘tadigan Strategik hamkorlik kengashi ikkinchi yig‘ilishining kun tartibini har tomonlama tayyorlash muhim ekani ta’kidlandi. Bular, eng avvalo, tovar ayirboshlash hajmi va kooperatsiya ko‘lamini oshirish, Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish, qo‘shma sanoat zonasini tashkil etish, Turkiyaning ilg‘or tajribasi, bilim va texnologiyalarini faol jalb qilgan holda raqamlashtirish, ta’lim va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlaridagi dasturlarni ilgari surish masalalaridir.

Mintaqaviy sheriklik va xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring