Shavkat Mirziyoyev Sergelidagi badbo‘y hid muammosiga to‘xtaldi
Shavkat Mirziyoyev Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi oqova suvlar bilan bog‘liq ekologik muammoga to‘xtaldi.
«Xabarim bor, so‘nggi yillarda Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi oqova suvlar bilan bog‘liq ekologik holat aholining ko‘plab haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Shuni hisobga olib, kuniga 1,5 million kub metr oqova suv tozalash quvvatiga ega yangi zamonaviy inshoot barpo qilinadi.
Bunga Birlashgan Arab Amirliklari Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi 240 million dollar investitsiya kiritishga tayyor», – dedi nomzod.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrining Sergeli tumani «O‘zgarish» mahallasida istiqomat qiluvchi aholi bir necha yildan buyon yoqimsiz hiddan aziyat chekib keladi. So‘nggi yillarda nafaqat ushbu mahallada, Sergeli va Toshkentning boshqa hududlarida ham muntazam yoqimsiz, badbo‘y hid tarqalmoqda, kechalari esa u yanada kuchayadi. Ushbu hududda «Salar» to‘yintirish inshooti joylashgan.
O‘tgan yillarda bu masala bir necha bor ko‘tarilgandi.
O‘shanda mutaxassislar yoqimsiz hid taralishining asosiy sababi «Salar» to‘yintirish inshooti hamda Bo‘zsuv kanaliga turli korxona va tashkilotlar tomonidan oqava suvlar va chiqindilar oqizilishi deyishgandi.
Toshkent shahar hokimligi bu haqda videolavha tayyorlagandi.
Vaziyatga Senat aralashib, Sergelidagi badbo‘y hid muammosi hal bo‘lishi va’da qilingandi.
Badbo‘y hidning kelib chiqish omillari bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasi bosh mutaxassisi o‘rganish natijalarini e’lon qilib, bunga asosan oqova suv tozalash inshootlari samaradorligining juda pastligi hamda tozalash qurilmalarining ma’nan eskirganligi bilan bog‘liq, degan xulosa bergandi.
Hatto Sergelidagi badbo‘y hid ortidan 22 nafar mas’ulga ma’muriy ish qo‘zg‘atilgandi.
Vaziyat hukumat darajasigacha ko‘tarilib, Toshkentdagi «Salar» oqova suv tozalash inshooti faoliyatini o‘rganish uchun bosh vazir o‘rinbosari B.Musayev (o‘sha vaqtda – tahr.) boshchiligida Hukumat komissiyasi tashkil etiladi. Komissiya bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rganish olib borish topshiriladi.
Buning natijasida o‘tgan yili kuchli hid taralishi ma’lum darajada bartaraf qilingandi. Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay, muammo yana jiddiy tus oldi. Sergelida taralayotgan badbo‘y hid hamon yo‘qolgani yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter