Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Qozonda Putin bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev Qozonda Putin bilan uchrashdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

21-fevral kuni Qozon shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentini sportning an’anaviy va virtual turlarini o‘zida mujassam etgan «Kelajak o‘yinlari» birinchi xalqaro musobaqasi o‘tkazilayotgani bilan samimiy qutladi.

Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari, jumladan, o‘tgan yil 5-7-oktyabr kunlari Moskva shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yetakchilar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

2023-yilda bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, hududlar, ta’lim, tibbiyot forumlari, qator boshqa ishbilarmonlik va madaniyat tadbirlarining samarali natijalari yuksak baholandi.

Tovar ayirboshlashning ijobiy sur’ati saqlanib qolmoqda. Sanoat, energetika, transport, kimyo, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi loyihalar faol bosqichga kirgan.

Hududlar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Toshkent va Jizzax viloyatlarida industrial texnoparklar muvaffaqiyatli ishlamoqda. Buxoro va Navoiy viloyatlarida yangi “Alabuga” va “Master” innovatsiya parklari barpo etilmoqda.

Davlat rahbarlari transport yo‘laklarini birgalikda rivojlantirish, temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi, bo‘lajak xalqaro tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring