Shavkat Mirziyoyev «propiska» haqida gapirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha kelib tushgan takliflar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda. Davlat rahbari «propiska» masalasida o‘z taklifini bildirdi.
— Bilasizlarmi, meni ko‘p yillardan buyon qiynab kelgan yana bir masala bor edi, u ham bo‘lsa «propiska», degan muammo. Odamlarimiz Toshkentga kelish uchun yo‘llardagi nazorat postlaridan pasportsiz, «metrika»siz o‘ta olmas edi. Hammamizning faxrimiz bo‘lgan poytaxtimizni tomosha qilishga yoki ishlashga kelsa ham hadiksirab yurardi.
Nega? Chunki amaldagi Konstitutsiyada fuqarolarimizning erkin harakatlanishiga oid normalar to‘liq yozilmagan. Vaholanki, bironta demokratik mamlakatda bunday tart́ib yo‘q», dedi davlat rahbari.
«Odamlarimizni, ularning huquqlarini kamsitadigan bunday holatni bartaraf etish uchun biz yo‘llardagi nazorat postlarini, «propiska», degan narsani yo‘q qildik. Kelgusida bunday to‘siqlarni tizimli hal etish uchun har bir O‘zbekiston fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi shart. Har bir fuqaroga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozim, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari ushbu muhim normalarni Konstitutsiyada qat’iy belgilab qo‘yishni taklif etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter