Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev BMTning sobiq bosh kotibi Pan Gi Munni qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev BMTning sobiq bosh kotibi Pan Gi Munni qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq Bosh kotibi, bugungi kunda Yashil taraqqiyot global instituti assambleyasi va Xalqaro olimpiya qo‘mitasining Etika bo‘yicha qomissiyasiga rahbarlik qilayotgan Pan Gi Munni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Pan Gi Mun Nukusda bo‘lib o‘tgan Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash masalalari hamda bu jarayonda koreys diasporasining roliga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga keldi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, uning tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, jumladan, zamonaviy global tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda jahon hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirish orqali ming yillik rivojlanish maqsadlariga erishishdagi katta xizmatlarini alohida ta’kidladi.

Pan Gi Munning xalqaro hamjamiyat e’tiborini Orol fojiasining salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalariga qaratishga qo‘shgan shaxsiy hissasi yuksak baholandi.

BMT Bosh kotibi lavozimida u O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatni yaxshilash borasidagi tashabbus va takliflarini faol qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuvda Orol dengizi mintaqasida ustuvor loyihalarni amalga oshirishda xalqaro institutlar va tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish va strategik sheriklikni mustahkamlash yuzasidan ham fikr almashildi. O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan ko‘p sonli koreys diasporasining xalqlarimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga hissa qo‘shayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Pan Gi Mun davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlariga to‘la mos bo‘lgan 2021 yilgacha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va yangilanishlarni yuksak baholadi.

O‘zbekistonning Orolbo‘yida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, ekologik muammolarni bartaraf etish, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimini rivojlantirish, infratuzilmani takomillashtirishga xizmat qilayotgan 2018-2021 yillarda Orolbo‘yi hududini rivojlantirish bo‘yicha Davlat dasturi doirasida amalga oshirayotgan sa’y-harakatlari alohida qayd etildi.

Davlatimiz rahbarining inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi trast jamg‘armasini va Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazini tashkil etishga oid takliflari to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Pan Gi Mun bundan buyon ham O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga  faol ko‘maklashishga, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishda samarali hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring