Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryoning ishga solinmagan eng katta zaxirasi tilga olindi

Qashqadaryoning ishga solinmagan eng katta zaxirasi tilga olindi

Yig‘ilishda viloyatning ishga solinmagan eng katta zaxirasi, bu — uning sug‘oriladigan, yaylov va o‘rmon yerlari ekani ta’kidlandi.

Misol uchun, Qashqadaryodagi sug‘oriladigan qishloq yerlari 515 ming gektarni, tomorqa va bog‘dorchilik yerlari 45 ming gektarni tashkil qilib, respublikada birinchi o‘rinda. Yoki, viloyatda 1,3 million gektar yaylov va o‘rmon yerlari mavjud. Buncha yer bilan butun respublikaning go‘shtga ehtiyojini bemalol qoplasa bo‘ladi.

O‘tgan yili viloyat qishloq xo‘jaligida 43 trillion so‘mlik mahsulot yaratildi.

«Agar ilm bilan resurs va salohiyat to‘liq ishga solinsa, ko‘chati, urug‘i, ekin ekishga yangi agrotexnologiyalar joriy qilinsa, suv va energiya tejamkor texnologiyalar keng qo‘llanilsa, bu raqamni besh yilda bemalol 100 trillion so‘mga olib chiqish mumkin», — dedi Prezident.

Viloyatdagi 1,3 million gektar yaylov va o‘rmonlardan samarali foydalanish, ularga investitsiyalar jalb qilib, yerlarni aylanmaga kiritish va loyiha qilish uchun alohida kompaniya tashkil qilinib, unga aksiyadorlik jamiyati maqomi beriladi.

Unga dastlabki bosqichda 100 million dollar beriladi. Kompaniyaning o‘zi ham 500 million dollar investitsiya olib keladi. Bu mablag‘lar hisobiga kompaniya ikki yilda viloyatdagi kamida 200 ming gektar yaylov va o‘rmon yerlariga suv chiqarib, lazerli tekislab, suv tejovchi texnologiyalar joriy qiladi.

Mirakida 520 gektar qir-adirda yangi terrasa usulida tashkil qilingan, 4-5 oyda meva beradigan uzum, gilos va olma bog‘lari kompaniyaga metodik baza bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring