Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev MDH rahbarlari majlisida ishtirok etdi (foto)

Shavkat Mirziyoyev MDH rahbarlari majlisida ishtirok etdi (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 oktyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tgan sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, shuningdek, MDH bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, ko‘p qirrali munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, MDH doirasidagi amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Rossiyaning Hamdo‘stlikda raisligi davrida ko‘p tomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda rivojlanganini yuqori baholadi.

MDH mamlakatlarining xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlash bilan bog‘liq vaziyatga alohida e’tibor qaratildi.

MDH mamlakatlari maxsus xizmatlari va vakolatli idoralarining tizimli hamkorligini yo‘lga qo‘yish, bugungi tahdidlarga qarshi kurashish usullarini takomillashtirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasida kelishilgan choralar hamda dasturiy hujjatlarni qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.

Hamkorlikning iqtisodiy yo‘nalishida birgalikdagi faoliyatni kuchaytirish ustuvor vazifa ekani qayd etildi.

O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 16 foizga oshgan. Muvaffaqiyatli sanoat kooperatsiyasiga ko‘plab misollar mavjud.

MDH tarmoq kengashlari va qo‘mitalari faoliyatini faollashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Kelgusi yil bahorida Toshkent shahrida "Innoprom" xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida MDH Iqtisodiy kengashi yig‘ilishi va Innovatsion rivojlanish forumini o‘tkazish taklif etildi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan MDH mamlakatlari yetakchi tahliliy markazlarining Toshkent konferensiyasi natijalarini hisobga olgan holda, uzoq muddatli sheriklikning yangi ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.

Xususan, internet texnologiyalari va "katta ma’lumotlar" industriyasini rivojlantirish, raqamli yechimlarni jadal joriy etish, kreativ iqtisodiyot, yashil energetika va yadro texnologiyalari, iqlim muammolari va boshqalar shular jumlasidan.

Shu munosabat bilan MDH mamlakatlari ekspertlari va tahlilchilarining uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish hamda navbatdagi konferensiyani Samarqand shahrida sun’iy intellektni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazish taklif etildi.

Gumanitar almashinuvlarni kengaytirish maqsadida Hamdo‘stlik davlatlari madaniyati kunlarini o‘tkazish taklif qilindi. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash, ta’lim, san’at, kino, turizm va sport sohalarida qo‘shma tadbirlar dasturini har yili tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Samarqand va Toshkentni tegishlicha Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti va yoshlar poytaxti deb e’lon qilinishi doirasidagi loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda shaxmat va futbol bo‘yicha yoshlar jamoalari o‘rtasida MDH ochiq kubogi musobaqalari o‘tkaziladi.

Yakunda O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni 2025 yilda tashkilotga raislikni qabul qilgani bilan tabrikladi.

Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha bir qator bitim va qarorlar qabul qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring