Shavkat Mirziyoyev haydovchilik guvohnomasini almashtirish jarayonini ko‘zdan kechirdi
Namangan shahar davlat xizmatlari markazida kuniga 800 dan ortiq shaxsga 60 ga yaqin xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan. Bu yerda Xalq qabulxonasi, notarius, FHDYo, pasport bo‘limlari, sug‘urta, kadastr, haydovchilik guvohnomasini almashtirish, tez tibbiy yordam xizmatlari, bank shoxobchasi joylashgan. Keluvchilar uchun tibbiyot xonasi, bolalar maydonchasi, oshxona tashkil etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev markazdagi sharoitlar bilan tanishdi. Aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari, sifati va tezkorligi bilan qiziqdi. Haydovchilik guvohnomasini almashtirish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Muassasa xodimlari bilan muloqotda xizmat turlarini yanada ko‘paytirish, aholining internet xizmatlaridan foydalanish darajasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
— Bu tizimdan eng katta maqsad — odamlarning og‘irini yengil qilish. Hamma hududlarni va xizmatlarni shu tizimga qamrab olsak, sarsonchilik, adolatsizlik, korrupsiya bo‘lmaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari ushbu markaz binosida joylashgan «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat bo‘limi hamda Namangan innovatsiya markazi faoliyati bilan ham tanishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter