Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashdi

Foto:Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Myunxen shahrida Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari rasmiy matbuot xizmati.

Unda «Siemens», «Thyssenkrupp», «Volkswagen», «Knauf», «Claas», «MAN», «Deutsche Bahn», «Linde Group», «Falk Porcshe Technik», «Atlas International», «Tenova», «Giesecke & Devrient», «Papenburg», «Euler Hermes», «Deutsche Bank», «Commerzbank» kabi Yevropa va jahon bozorining yetakchi kompaniyalari, moliyaviy tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Foto:Prezident matbuot xizmati

Mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratilayotgan alohida qayd etildi. Ularning faoliyatini rag‘batlantirish va himoya qilish uchun zarur normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Biznes rivoji yo‘lidagi to‘siqlar bartaraf etildi, tashqi savdo va bojxona-tarif nazorati sezilarli qisqartirildi.

Xorijiy investorlar bilan bevosita muloqot qilish maqsadida, amalga oshirilayotgan islohotlarni maslahat va ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash, dolzarb masalalar, jumladan, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ekspert kengashini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilarini ushbu kengash faoliyatida faol ishtirok etishga taklif qildi.

Uchrashuvda shuningdek, Samarali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashda Germaniya iqtisodiyoti sharqiy qo‘mitasi muhim o‘rin egallashi ta’kidlandi.

Tashkil etilayotgan Investitsiya va texnologiyalar qo‘mitasi o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikning yangi mexanizmiga aylanishi lozimligi qayd etildi.

Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, valyuta va soliq tizimlarining liberallashuvi, viza olish tartibi soddalashtirilgani, jumladan, 30 kungacha muddatga vizasiz tartib joriy etilgani O‘zbekistonda muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratganini ta’kidladi.

14-yanvar kuni Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan biznes-forumda qiymati 8 milliard yevrodan ziyod shartnoma va kelishuvlar imzolangani buning dalilidir.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Germaniya moliyaviy tashkilotlari, firma va kompaniyalari o‘rtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish, investitsiya-texnologik hamkorlikni kengaytirish hamda kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasida Germaniya investorlari ishtirokida tashkil etilgan 110 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 30 ga yaqini to‘liq Germaniya kapitali evaziga tashkil etilgan.

Suhbat chog‘ida mazkur tashrif ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarga yangi mazmun bag‘ishlashiga ishonch bildirildi.

Germaniya O‘zbekistonning strategik muhim infratuzilmasini takomillashtirishda ham faol ishtirok etmoqda. Shu o‘rinda Toshkent shahridagi xalqaro aeroportni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 50 million yevro miqdoridagi yirik loyihani alohida aytib o‘tish joiz. Germaniya «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi, uning qulay imkoniyatlariga ham katta qiziqish bilan qaramoqda.

Mamlakatimizda Germaniyaning mashhur sanoat gigantlari – «MAN», «Claas», «Knauf» va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Avtomobilsozlik sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanmoqda. AQShning yengil avtomobillar ishlab chiqaruvchi «General Motors» hamda Yaponiyaning kichik avtobuslar chiqaruvchi «ISUZU» kompaniyasi qatori mamlakatimizda Germaniya avtogigantlaridan biri bo‘lgan «MAN AG» kompaniyasi bilan hamkorlikda yuk avtomobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani fikrimizning yorqin dalilidir.

Muloqotda O‘zbekiston va Germaniya moliya muassasalari, firma va kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish hajmini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Foto:Prezident matbuot xizmati

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring