Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev yetti davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev yetti davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun “Ko‘ksaroy” qarorgohida xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari, Eron Islom Respublikasi, Ukraina, Italiya Respublikasi, Isroil Davlati, Pokiston Islom Respublikasi va Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchilari Said al-Qamziy, Hamid Nayrobodiy, Nikolay Doroshenko, Agostino Pinna, Zexavit Ben Xillel, Said Ali Asad G‘iloniy va Manish Prabxatdan yorliqlarni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari elchilarni O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi sharafli va mas’uliyatli vazifada katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentimiz o‘z nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, shu jumladan, koronavirus infeksiyasi global miqyosda tarqalishining oqibatlarini yengib o‘tish bo‘yicha ko‘rilayotgan inqirozga qarshi choralar dasturiga alohida to‘xtaldi.

O‘zbekiston o‘zaro ishonch va hurmat, teng huquqlilik va manfaatlarni hisobga olish, ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari asosida konstruktiv va pragmatik tashqi siyosatni olib borishda qat’iy ekani qayd etildi.

Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevropa mamlakatlari, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo davlatlari bilan ko‘p qirrali aloqalar va sheriklikni mustahkamlash ustuvor yo‘nalish ekani ta’kidlandi.

Ayni paytda iqtisodiy diplomatiyani ilgari surish – savdo va investitsiyalar, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va logistika, bank-moliya kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar doirasidagi izchil va sermahsul hamkorlik mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar rahbarlariga Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh organlaridan biri – Inson huquqlari bo‘yicha kengashda mamlakatimiz a’zoligini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu tarixiy voqea yurtimizda huquqni himoya qilish sohasida erishilgan muvaffaqiyatlarning xalqaro miqyosdagi keng e’tirofidir.

Tadbirda davlatimiz rahbari diplomatlarga murojaat qilar ekan, tegishli xorijiy sheriklar bilan ikki tomonlama aloqalarning asosiy yo‘nalishlari va istiqbollarini qayd etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring