Shavkat Mirziyoyev AQSh vakili bilan Afg‘oniston masalasini gaplashdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 oktyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uendi Sherman boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-AQSh strategik sherikligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Xabarga ko‘ra, siyosat va xavfsizlik, savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, gumanitar almashinuvlar kabi ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Pandemiyaga qarshi kurashishda, shu jumladan amaldagi global dastur doirasida mamlakatimizga vaksinalar yetkazib berish masalasida ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun Amerika tomoniga alohida minnatdorlik bildirildi.
Mintaqaviy, shu jumladan, “AQSh – Markaziy Osiyo” muloqoti hamda Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim kengashi doirasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi. O‘zbekistonning afg‘on xalqiga ko‘maklashish hamda qo‘shni mamlakatda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishi va uning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter