Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonda ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus xalqaro fond tuzishni taklif qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzucida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasida so‘zlagan nutqida muhim taklif bilan chiqish qildi.
«Bizning asosiy maqsadimiz — yoshlarning sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishiga erishish, ularning o‘z qobiliyati va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishdan iborat.
Biz barcha xorijlik hamkorlarimizga islom dinining insonparvarlik mohiyatini aholi va ayniqsa, yoshlarga tushuntirish yo‘lida yaqin hamkorlikda ish olib borishni taklif etamiz.
O‘ylaymanki, bu borada O‘zbekistonda tashkil etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston Islom akademiyasining imkoniyatlaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Shuningdek, biz tashabbus tariqasida Afg‘onistonda ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus xalqaro fond tashkil etishni taklif qilamiz.
Bundan ko‘zlanadigan asosiy maqsad — mamlakatda talab katta bo‘lgan sohalar bo‘yicha milliy kadrlar tayyorlash, iste’dodli talabalar va yosh olimlar uchun stipendiya va grantlar ajratish borasida afg‘on tomoniga ko‘maklashishdan iborat.
Bizning qat’iy ishonchimizga ko‘ra, jamiyatda ta’limning nufuzini oshirish va yoshlarning kamolotga intilishini rag‘batlantirish – bu barqaror va izchil taraqqiyotga erishish kafolatidir. Bularning barchasi, hech shubhasiz, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni zo‘rovonlik va radikalizm mafkurasidan himoya qilishda yordam beradi», — dedi davlatimiz rahbari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter