Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sharqqa sayohat: to‘kin dasturxondan o‘lim yoqasigacha

Sharqqa sayohat: to‘kin dasturxondan o‘lim yoqasigacha

«Ziyofatga taklif qilinganlar orasida gubernator mahkamalari va Turkistondagi chor armiyasining namoyandalari, Buxoro amirining Toshkentdagi vakili, Toshkentning faxriy sart qozilari bor edi. Buxoro amiri nomidan Turkiston general-gubernatoriga ko‘k va qizil duxoba, kumush va tilla bilan bezatilgan chiroyli egar-jabduqli 8 ta ot, Buxoroning zarbof to‘nlari, gilamlar, qimmatbaho tosh va boshqalar sovg‘a qilindi...»

1890 yilning yanvar oyidagi ushbu ziyofatni rusiyalik yoki mahalliy tarixchi emas, shvetsiyalik Sven Gedin tasvirlagan. Uning o‘lkamizga safari nafaqat to‘kin dasturxonlar atrofida, balki xavf-xatarli maskanlarda ham kechgan edi. Xo‘sh, Sven Gedin Turkistonga qanday kelib qolgan?

 Stokgolmlik me’morning o‘g‘li Sven Gedin (1865-1952) bolaligidan geografiyaga ixlos qo‘yib voyaga yetdi. Bu qiziqish sababli Stokgolm universitetida o‘qib yurganidayoq Eronga sayohat qilib, turkiy, forsiy tillarni o‘rgandi. Yevropaga qaytgach, o‘qishini Germaniyaning Upsala universitetiga o‘tkazdi. U yerda geografiya va geologiya fanlarini chuqur egalladi. 1892 yili 27 yoshida doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, g‘arbning mashhur sharqshunoslaridan biri darajasiga yetdi.

1890-1891 va 1893-1899 hamda 1902 yillarda Gedin sharq davlatlari bo‘ylab safarga chiqdi. Marv, Ashxobod, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Issiqko‘l, Qo‘qon, Marg‘ilon, Turkiston, Qoshg‘ar va Hindistonda bo‘ldi:

«O‘shlik hamrohim Islomboy bilan Nobiy sahrosidagi qumli cho‘llarda, bo‘ronlarda qoldik. Suvsizlik azobini boshdan kechirib, o‘lim yoqasiga bordik. Ko‘plar tushkunlikka tushib, es-hushini yo‘qotganida u meni, qimmatli esdaliklarimni, xaritalarimni saqlab qoldi», deb yozadi Sven Gedin o‘zining xotira kitobida.

 Bir gal esa Xitoyga qarashli Xo‘tan bozorida Islomboy andijonlik bir savdogar bilan o‘tirganida yonidan uch nafar Xitoy askari o‘tadi. O‘sha vaqtdagi mustamlakachilik qonuniga ko‘ra, Xitoy askarini ko‘rganda, Qoshg‘ardagi har bir kishi o‘rnidan turib ta’zim qilishi, otda bo‘lsa yerga tushishi shart edi. Shu atrofdagilar ta’zim bajo keltirishadi. Biroq Islomboy bunday qilmaydi. Shunda askarlar uni holdan toyguncha savalashadi. Bu paytda Sven ularning yonida emasdi. Voqeani eshitgach, u Xitoy imperatorlariga noma yozib, Islomboy chor armiyasi fuqarosi ekanini eslatdi. Noto‘g‘ri ish tutgan askarlarni jazolashni talab qildi. Qarangki, Sven Gedinning talabi qondirilib, xaloyiq oldida askarlarning o‘zlari savalandi.

Sven Gedin qadrdon do‘stini Yevropaga olib ketmoqchi bo‘ldi. Ammo Islomboy taklifni rad etib, Urumchidan Qoshg‘arga, u yerdan O‘shga qaytib keldi.

«Masjid maqbara peshtoqi juda baland. Naqshinkor ikki minora unga chiroy baxsh etib turibdi, masjid tepasida gumbazlar ko‘p. Old tomonining koshinlari tushib ketgan, to‘rtburchak binoning yon va orqa devorlari yaxshi saqlangan bo‘lib, Samarqanddagidek ko‘p va yaxshi naqshlari ko‘zni oladi. Masjid Xudoyorxon to‘rtburchak shaklda qurdirgan tuproq devor bilan o‘ralgan. Juma kuni namozxonlar oyoq kiyimlarini kiraverishda yechib, ko‘k chakmon va oq sallada xonaqohga kirib joylashishadi. Masjid devorlariga Qur’on oyatlari bitilgan. Men masjidning yuqori ayvoniga chiqib, namoz o‘qilishini kuzatdim. Bu Istanbuldagi taroveh namozini eslatguvchi ajoyib manzaraga o‘xshardi», deya yozgan edi Sven Gedin Turkistondagi Xo‘ja Ahmad Yassaviy masjid maqbarasidagi holatni kuzatib.

Toshkentda bo‘lganida esa u o‘sha davrning eng mashhur kishisi – general Jo‘rabek bilan uchrashdi.

«Kaufman Shahrisabzga hujum qilganida, Jo‘rabek o‘zining yaqin do‘sti Boboyek bilan qochishga majbur bo‘ldi: bir necha yil tog‘u toshlarda sarson-sargardon yurib, nihoyat najot izlab, Qo‘qon hukmdori Xudoyorxon huzuriga bordi. Xudoyorxon esa vafosizlik qilib, xiyonatkorona ish tutdi, o‘z millatdoshini general Kaufmanga topshirdi», deya chor imperiyasi bostirib kelgan davrdagi vaziyatni yoritgan u.

Biroq tarixdan ma’lumki, Kaufman Jo‘rabek va Bobobekni tutqunlikdan ozod qilib, ularga chor zobiti unvonini bergan hamda Qo‘qon xoni Xudoyorxonga qarshi kurashda foydalangan. Mag‘lub bo‘lgan xiyonatkor Xudoyorxonni esa Rossiyaga surgun qilgan. «Ammo rus mundiridagi sharq qo‘lyozmalarini o‘rganish bilan mashg‘ul Jo‘rabek o‘z istagi oldida har narsaga tayyor osiyolik g‘ururi gurkirab turgan kishi edi», deya uchrashuvdan so‘ng yozadi Sven Gedin.

Haqiqatan, Jo‘rabek bilan uchrashgan ulug‘ sharqshunos V.Bartold xuddi Gedindek unga qoyil qolgan va generalning fikrini keltirgandi: «Chor hukmronligi xuddi mo‘g‘ul istibdodiga o‘xshaydi. Ularda ham, bularda ham yuqori lavozimlarga yomon kishilar, xudbin, shaxsiyatparast va molparastlar qo‘yilgan».

Shved sayyohi o‘z kitobida Qoshg‘ar hukmdori, XIX asrda Xitoy mustamlakachiligiga qarshi kurashgan Yoqubbek va uning avlodlari haqida ham ma’lumotlar bergan.

«Yoqubbek Qoshg‘arda masjid, madrasa va savdo rastalari qurdirgan. Uni 1877 yilda eng yaqin kishilaridan biri Xo‘tan begi Niyoz Hokim zahar berib o‘ldirgan», deb turkiylar hayotidagi mudhish fojiani yozgan. Ma’lumki, shundan keyin Qoshg‘arda Xitoy mustamlakachiligi o‘rnatilgan edi.

«Osiyo butun borlig‘icha ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi. Men ko‘p kashfiyotlar qilishim kerakligini his etdim. Bu kashfiyotlar meni sahrolar markazida, tog‘lar cho‘qqilarida kutmoqda», deya yozgan edi u safaridan so‘ng.

Sven Gedi sharq bo‘ylab sayohatlari davomida Takla Makon sahrosiyu, Pomir, Tibet va Himolay tog‘larigacha bordi. Bu yerlarning xaritasi, o‘simlik dunyosini tadqiq etdi. Shundan so‘ng Londonda ikki jilddan iborat «Osiyo uzra» kitobini nashr qildirdi. Yevropa jamoatchiligi mazkur asar orqali sharqdagi manzarani bilib oldi. «Osiyo uzra» biz uchun ham moziyni o‘rganishda beqiyos manba bo‘lib qolgan.

Umid Bekmuhammad,

tadqiqotchi

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring