Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sharof Rashidovning ukasi Asil Rashidov vafot etdi

Sharof Rashidovning ukasi Asil Rashidov vafot etdi

O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, taniqli pedagog olim, adibiyotshunos va tarjimon Asil Rashidov shu yil 15-sentyabr kuni 90 yoshida vafot etdi.

Asil Rashidov 1930-yili Jizzax tumanining Sovungarlik qishlog‘ida tug‘ildi. 1954-yili O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni jurnalist mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi.

1954-1958-yillarda «Qizil O‘zbekiston» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi») gazetasida adabiy xodim, bo‘lim mudiri bo‘lib ishladi.

1958-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranturasiga o‘qishga kirib, 1961-yilda uni muvaffaqiyatli tugalladi va 56 yil davomida ushbu dargohda o‘zbek adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi, dotsenti, professori lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi. 1981-yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishdi.

Zahmatkash olim o‘z faoliyati davomida «Inson va mehnat madhi», «So‘nmas yulduzlar», «Asrga tengdosh maktab», «Lesya Ukrainka», «Chiniqish maktabi» singari ko‘plab ilmiy-ommabop asarlar yaratdi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida dunyo yuzini ko‘rgan, atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov xotirasiga bag‘ishlangan «Akam haqida» risolasi, «Ezgulikka baxshida umr», «Chingiz Aytmatovning badiiy olami» singari asarlari minglab kitobxonlarning samimiy e’tirof va ehtiromiga sazovor bo‘ldi.

Asil Rashidov badiiy tarjima sohasida o‘ziga xos ijodiy maktab yaratgan hassos so‘z san’atkori edi. U mashhur qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning «Yuzma-yuz», «Jamila», «Bo‘tako‘z», «Sarvqomat dilbarim», «Alvido, Gulsari!», «Somon yo‘li», «Oq kema», «Erta kelgan turnalar», «Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar», «Asrni qaritgan kun» singari betakror asarlarini o‘zbek tiliga beqiyos mahorat bilan o‘girib, xalqimizning badiiy tafakkurini yuksaltirishga ulkan hissa qo‘shdi. Shuningdek, taniqli rus adibi Aleksandr Bekning «Volokolamsk yo‘lida» romani, qirg‘iz adibi Mirzabek Duysenovning «Imtihon» qissasi ham Asil Rashidov tarjimasida o‘zbek kitobxonlariga taqdim etildi.

Asil Rashidov «O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi», «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi» faxriy unvonlari, O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofoti hamda «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring