Uchta viloyatda «opiy» va «gashish» giyohvand moddalarini yetkazib beruvchilar qo‘lga olindi
DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida «Andijon – Qo‘qon» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Neksiya-2» rusumli avtomashina Qo‘qon shahriga kirishda to‘xtatildi.
Avtomashina ko‘zdan kechirilganda uning salonida Andijon tumanida yashovchi, 1978 y.t. H. Xurboyeva yo‘lovchi sifatida ketayotganligi, avtomobil yukxonasida esa unga tegishli sellofan paketda 5 kg «gashish» giyohvand moddasi borligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda «Xabar.uz»ga DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, ushbu og‘uni qirg‘izistonlik shaxslar aylanma yo‘llar orqali Andijon viloyati Xo‘jaobod tumaniga olib o‘tib, H.Xurboyevaga berishadi.
Xurboyeva esa giyohvandlik vositasining 4 kg.ni Qo‘qon shahrida yashovchi, 1978 y.t. Tursun Maxsudovga, 1 kg.ni esa Farg‘ona tumanida yashovchi, 1984 y.t. Azizbek Kaulovga yetkazib berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, tezkor tadbir davom ettirildi. Natijada Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tadbirlar jarayonida ikki xaridor ham giyohvand moddalarni olayotgan vaqtlarida ushlandi.
Ta’kidlanishicha, T.Maxsudov muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun 2007 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi tomonidan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi bilan ayblanib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. A.Kaulov 2015 yilda Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan ayblanib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan, 2020 yildan esa axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan bo‘lgan.
DXX Xorazm viloyati boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurash bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Gurlan tumani Sholikor qishlog‘idan o‘tuvchi yo‘l bo‘yida to‘xtab turgan «Lasetti» rusumli avtomashina ko‘zdan kechirildi.
Natijada, avtomobilning old o‘rindig‘i ostidan 997 gr. «opiy» giyohvandlik vositasi topildi va u mashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Ikrom Muratovga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 1970 y.t. I.Muratov ham muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun hozirda ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan bo‘lgan.
DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan xizmat o‘tash vaqtida Andijon viloyati Paxtaobod tumani «Uyg‘ur» qishlog‘i hududidan o‘tuvchi «o‘zbek-qirg‘iz» davlat chegarasida Qirg‘iziston tomonidan uloqtirilgan 587 gr. «gashish» moddasi topildi. Hozirda, mazkur giyohvand moddaning kimga tegishli ekanligini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, Paxtaobod tumanida yana bir holat qayd etilib, unda 1990 y.t. mahalliy fuqarolar Eldorbek Ergashev va Ahrorbek Hasanovlar chegaraoldi hududda DXX xodimlari tomonidan to‘xtatilib, tekshirilganda, ularning yonidan 504 gr. «gashish» moddasi topildi.
Aniqlanishicha, ushbu giyohvand modda ham qirg‘izistonlik shaxslar tomonidan «o‘zbek-qirg‘iz» davlat chegarasini ajratib turuvchi simto‘siqlar ustidan mamlakatimiz hududiga uloqtirilgan.
DXX Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlarining ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida Nukus shahrida yashovchi, 1985 y.t. Sharaf Alimbetov 5,6 gr «gashish» moddasini 400 ming so‘mga sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Alimbetov mazkur giyohvand moddani 1975 y.t. Kuralbay Shamuratovdan olganligi aniqlandi. Shamuratovning Nukus shahridagi yashash manzili ko‘zdan kechirilganda 285,4 gr. «gashish» moddasi topildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 6 kg 382 gr. «gashish» va 997 gr. «opiy» giyohvand moddalari musodara qilindi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari ko‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter