Server Jeparov o‘z farzandi Raul bilan karantinda «o‘tirib chiqdi»
Faoliyati davomida «Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisi» nomiga loyiq ko‘rilgan sobiq futbolchi, hozirgi kunda O‘zbekiston U-14 terma jamoasi bosh murabbiyi Server Jeparov xorijdan qaytib kelganligi sababli Toshkent viloyati hududida karantinda saqlanib, bugun o‘z uyiga javob berildi.
Sobiq futbolchimiz karantin davrini o‘z farzandi Raul bilan birgalikda o‘tab chiqdi. Bundan 14 kun avval Jeparov va uning o‘g‘li Rossiyaning Qozon shahridan O‘zbekistonga qaytib kelgan. Ular 2 hafta davomida maxsus izolyasiyalangan konteynerlarda saqlanib, bugun karantin davri tugaganligi sababli ularga ruxsat berildi. Bu haqda Server Jeparovning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahfasida ma’lum qildi.
«COVID-19. 14 kun maxsus jihozlangan konteynerlarda bo‘ldik. Prezidentimiz Mirziyoyev Shavkat Miromonovich o‘z xalqiga g‘amxo‘rlik qilayotgani uchun tashakkur! Fikrimcha, konteynerlar karantinda yashash uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar bilan ta’minlangan.
4 kishi yashadik. Televizor, konditsioner, hojatxona, hammom (dush), issiq va sovuq suv, shahar telefoni, choynak qaynagan suvi bilan, suv qaynatishga maxsus choynak, piyola, gigiyena vositalari, tish pastasi, cho‘tkalar, niqoblar, qo‘lqoplar, sovun, shampun, tozalikni saqlash uchun chelak va latta bor. Ovqat kuniga 3 mahal, kotletlar, tovuq, guruch, grechka, perlovka, makaronlar, palov, suv, salatlar, olmalar, mandarinlarning barchasi bir martalik idishlarga solingan, bu esa karantin qoidalariga rioya qilinayotganidan darak beradi. Desertga choy va shirin pechenelar, ertalabki nonushtaga esa yogurt, tuxum, bo‘tqa (kasha), sariyog‘, pishloq, sosiskalar berildi.
Bizga xizmat ko‘rsatgan xodimlar, test tahlillarini olgan shifokorlar, 14 kun davomida biz bilan bo‘lib, kundalik muammolarimizni hal qilganlarga chin yurakdan minnatdorchilik bildirmoqchiman, bu ular tomonida ko‘rsatilgan haqiqiy qahramonlikdir.
Biz buni uddalik, bu oson emas edi. Sharoitlar esa yashashimizni osonlashtirdi. Davlatimiz Prezidenti hamda uning jamoasiga yana bir bor tashakkur. Endi men va o‘g‘lim uy karantinida bo‘lamiz. Keling, barchamiz birgalikda pandemiyaga qarshi kurashaylik, karantin talablariga amal qilgan holda SOVID-19 virusini yengishimiz mumkin», deb yozib qoldirdi Server Jeparov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter