Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sergelidagi portlash zarari nega davlat hisobidan qoplanayotgani izohlandi

Sergelidagi portlash zarari nega davlat hisobidan qoplanayotgani izohlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanida ro‘y bergan favqulodda hodisa tufayli aholi uylariga yetkazilgan zararning davlat hisobidan qoplab berilayotgani turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Bosh vazir matbuot kotibi holatga izoh berdi:

— Chindan ham, fuqarolik va jinoyat qonunchiligi bo‘yicha xususiy tadbirkorning noqonuniy harakatlari oqibatida boshqa shaxslarga yetkazilgan zararni davlat emas, balki aybli harakat sodir qilgan tadbirkorning o‘zi qoplab berishi kerak.

Lekin nega bunday qilinyapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Gap shundaki, protsessual qonunchilikka ko‘ra, sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida yetkazilgan zarar bo‘yicha aybdorlarni aniqlash va ularning harakatlariga huquqiy baho berish hamda zarar qoplash bo‘yicha tergov harakatlari va sud jarayoni ko‘p vaqt talab etadi.

Bugungi kunda mazkur holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ana shu jihatlarni inobatga olib, yong‘in oqibatida xonadonlariga talofat yetgan fuqarolarni sovuq tushmasdan tezroq uylariga kiritish bo‘yicha hukumat oldiga qat’iy topshiriq qo‘yganlar va uning ijrosini shaxsan o‘zlari doimiy nazorat qilib turibdilar.

Bundan tashqari, Konstitutsiyamizning 23-moddasida davlat o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlashi belgilangan.

Shu bois, tergov va sud jarayonlari yakuniga yetguniga qadar ta’mirlashga kerak bo‘ladigan mablag‘lar zaxira jamg‘armasidan ishlatib turilibdi.

Shuni alohida qayd etmoqchiman, tergov va sud ishlari yakuniga yetgach, ta’mirlash uchun zaxiradan ishlatilgan pullar tiyin-tiyinigacha aybdorlardan sud orqali undirib olinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring