Senator so‘rovi: ko‘mir sifati past, narxi qimmat...

«O‘zbekko‘mir» AJga senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.
Oliy Majlis Senati a’zolari Abdurahim Irkayev va Xurshid Fozilovga fuqarolar hamda ijtimoiy soha ob’yektlaridan ularga yetkazib berilayotgan ko‘mirning sifati juda past ekanligi borasida ko‘plab shikoyatlar kelib tushgan.
Shu jihatdan senatorlar va tegishli mutaxassislardan iborat 14 nafar vakil tomonidan «Qashqadaryo ko‘mir yetkazuvchi» filiali va ko‘mir omborlarida o‘rganishlar olib borildi. O‘rganishlar yakunida «O‘zbekko‘mir» AJga senatorlik so‘rovi yuborildi.
Qayd etilganidek, «O‘zbekko‘mir» AJ yetkazib berilayotgan ko‘mir sifatiga o‘ziga xos standartlar o‘rnatgan. Viloyatning ko‘mir omborlariga keltirilayotgan BR-2 markadagi qattiq yoqilg‘ining 50 foizi ko‘mir kukunidan iborat.
Haddan tashqari namlik natijasida tashish, yuklash, tushirish, yetkazib beruvchidan oxirgi iste’molchiga qadar kamida ko‘mirning sifati uch barobarga pastlamoqda.
Boz ustiga, ko‘mirning narxi ham qimmat. Bir tonna ko‘mir briketi 412,5 so‘m bo‘lsa, BR-2 markasi 300,3 so‘mdan sotilmoqda.
Tez orada senatorlar tomonidan «O‘zbekko‘mir» AJning aholi va ijtimoiy soha muassasalariga sifatli ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berishi yuzasidan yuborilgan so‘rov natijalari bo‘yicha batafsil ma’lumot beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter