Senatda prezident aytgan qo‘mita tuzildi
Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. Senat Kengashining «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Senatning yigirmanchi yalpi majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev yangi tuzilma — Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasini tuzishni taklif qilgandi.
Yangi qo‘mitaning maqsadlari:
- xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish;
- ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
- munosib turmush va mehnat sharoitlarini yaratish;
- tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish.
Qo‘mitaning vazifalari:
- mamlakatda gender tenglikni ta’minlashga va xotin-qizlarning davlat va jamiyat ishlarida faol ishtirok etishiga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishga doir tavsiyalar ishlab chiqish;
- gender tenglik masalalari va oila institutini rivojlantirishga oid qonunlarni mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga hamda xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirish;
- ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
- gender tenglik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston qo‘shilgan halqaro hujjatlar normalarining amaliyotga joriy etilishi hamda unda belgilangan tavsiyalar ijro qilinishi yuzasidan monitoring olib borish;
- joylarda aholi, jumladan, xotin-qizlar bilan bevosita muloqot qilish orqali gender tenglik masalalariga oid haqiqiy ahvolni o‘rganish;
- aniqlangan masalalarni parlament nazorati vositalarini qo‘llagan holda hal etish choralarini ko‘rish;
- reproduktiv salomatlik, shuningdek, onalik va bolalikni muhofaza qilish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- jismoniy va yuridik shaxslarning xotin-qizlar, gender tenglik va oila institutiga oid masalalar yuzasidan murojaatlarini ko‘rib chiqish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter