Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sehr-joduning yaratilishidagi hikmat neligini bilasizmi?

Sehr-joduning yaratilishidagi hikmat neligini bilasizmi?

«Ustasi faranglar» filmidan lavha

Foto: «Kinokadr.ru»

— Sehr-jodu borligiga, sehr qilish taqiqlanganiga iqrormiz. Biroq odamlar orasida bu ish bilan shug‘ullanuvchilar uchrab turishi ham bor gap. Hazrat, avvalo, bu kabi ishlardan Yaratganning o‘zi asrashini so‘raymiz. Agar kimgadir sehr-jodu tufayli ziyon-zahmat yetsa, muolajasi qanday bo‘ladi?

– Qur’oni karimning guvohlik berishicha, sehr-jodu insoniyatga Sulaymon alayhissalom davrlaridan beri ma’lum. Savol tug‘ilishi mumkin: xo‘sh, sehr zararli narsa ekan, u nega odamlarga o‘rgatildi? Biz ishonamizki, Allohning hech bir ishi hikmatdan xoli emas. Jumladan, sehrning yaratilishi va ayrim bandalariga o‘rgatilishidan hikmat — sinovdir.

Cyehrni ikki farishta (Horut va Morut) orqali Sulaymon qavmiga ta’lim berar ekan, Alloh bu ilmni: «Er-xotinni ajratishga, qarindosh-urug‘, do‘st-birodarlar orasiga nifoq solishga, umuman, odamlar orasini buzishga ishlatmanglar», deya ogohlantiradi.

Afsuski, odamlar Yaratganning so‘ziga parvo qilmadilar. Ular sehrni o‘rganishgach, odamlar orasini buzishga, er-xotin o‘rtasiga nifoq solishga o‘tdilar va gunohkor bo‘ldilar.

Sehr-jodu qilish Sulaymon alayhissalom davrlaridan payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam zamonlarigacha davom etib keldi va uning ta’rifi, sehr qiluvchilarning oqibatda qanday azobga duchor bo‘lishlari bandalariga Qur’on orqali bildirildi. «Sehrgar esa, qayerda bo‘lmasin, zafar topmagay!» (Toho surasi, 69-oyat).

Rasululloh alayhissalom sehr haqida qattiq gaplarni aytganlar. Hatto eng og‘ir, kechirilmaydigan gunoh shirk (Allohning sheriklari bor deb hisoblash) va kufr (U zotni inkor etish)dir. Og‘irligi jihatidan undan keyingi o‘rinda turadigan gunoh bu — ota-onaga oq bo‘lish.

Uchinchi ulkan gunoh nima? Sehr-jodu! U bilan shug‘ullanish ham, o‘z manfaati yo‘lida undan foydalanish ham nihoyatda katta gunoh sanaladi.

Albatta, sehr bilan hamma ham shug‘ullanolmaydi. Binobarin, bugun xalqimiz, ayniqsa, ayollarimiz orasida uchrab turadigan: «Falonchiga ovsini yoki qo‘shnisi jodu qilibdi, falon folchi yoki romchiga borib, tomog‘idan o‘sha joduni oldirgan emish» yoxud «Pismadonchining ishi yurishmayotgan ekan, folchiga borsa, uning yo‘lini falonchi dushmani «bog‘lab» turganini aytibdi», qabilidagi gaplarning bari yolg‘on.

Yoki ming achinarli bo‘lmasin, ba’zi yurtdoshlarimiz turmushga chiqolmay turgan qizlarining «baxtini kimlardir «bog‘lab» – to‘sib turgani»ga chippa-chin ishonishadi. Qizlarining baxtini Allohdan so‘rash o‘rniga, haligi folchi-romchilarga, «qaytarma qilib qo‘yuvchi»larga yugurishadi. Boya aytganimizdek, sehr bor narsa, yo‘q emas, biroq u bilan har kim ham shug‘ullanolmaydi. Birinchidan, sehr ibroniy tilda qilinadi, bu tilda so‘zlashadigan kishilar hech qachon «sizning qo‘shningizga yoki ovsiningizga, boringki, siz gumon qilayotgan «dushman»ingizga «sehr-jodu ilmi»ni o‘rgatmaydi.

Shu bois turli shubha-gumonlarga bormasdan, uning o‘rniga qalbingizni pok tutishga, ezgu, xayrli amallar qilishga shoshiling. Ish yurishmasa, «baxt ochilmay turgan bo‘lsa», ularga qarshi shariatda maxsus chora-tadbirlar juda ko‘p. Hojat ravo bo‘lmay turgan bo‘lsa, hojat namozini o‘qish, ish yurishmayroq turgan bo‘lsa, xayr-ehsonni ko‘paytirish, muhtojlar ko‘nglini olish mumkin. Pulingizni firibgar folchi-romchilarga emas, ehtiyojmand insonlarga bersangiz, ham savob olasiz, ham ishingizni Alloh o‘nglaydi. Faqat har bir ishni xolis niyat bilan qilishni unutmang.


Savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur javob berdi.

«Ma’naviy hayot» jurnalidan olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring