Saylov va pandemiya: qanday ishlar amalga oshirildi? Natijalar qoniqarlimi?
Bu galgi Prezident saylovi pandemiya sharoitida o‘tkazilishi saylov kuni koronavirus kasalligi tarqalib ketishiga qarshi profilaktik chora-tadbirlarni yanada kuchaytirishni taqozo etdi.
Xo‘sh, bu borada qanday ishlar qilindi va natijalar qoniqarlimi?
O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida boshlangan anjumanda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i, bosh davlat sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliyev shu haqda axborot bermoqda.
Uning ta’kidlashicha, koronavirus kasalligining tarqalib ketishiga, avj olishiga qarshi choralar «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ning tarqalishi xavfini oldini olish to‘g‘risida»gi yo‘riqnoma talablariga muvofiq amalga oshirildi.
Xususan, saylovchilar va tashrif buyuruvchilar koronavirus infeksiyasi yuqishining oldini olishga qaratilgan niqob taqish qoidasiga qat’iy amal qilishi, binolarning kirish qismida va ovoz berish xonasida ijtimoiy masofani saqlash uchun o‘rnatilgan 1,5–2 metr oraliq masofani saqlashi, bir-biri bilan muloqotni kamaytirish maqsadida harakatlanish yo‘nalishini ko‘rsatuvchi chiziqlarga amal qilishi ta’minlandi.
Saylovga tashrif buyurgan har bir ishtirokchining tana harorati binoning kirish qismida biriktirilgan tibbiy xodimlar tomonidan pirometrlar yordamida o‘lchangani, niqobsiz tashrif buyurganlarga binoning kirish qismida bir martalik tibbiy niqob berilishi, antiseptik suyuqlik moslamalaridan foydalanishi asosiy choralardan biri bo‘ldi.
Saylov o‘tkazishga ajratilgan har bir binoda shamollatish va saylov kunidan oldingi dezinfeksiya tadbirlari to‘liq o‘tkazildi.
Saylov binolarining har birida tibbiy xonalar tashkil etildi va zarur dori-darmon hamda tibbiy vositalar zaxirasi yaratilib, tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatishi ta’minlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter