Saudiya Arabistoni Rossiyadan o‘zib ketdi, ammo...
Saudiya Arabistoni narxlarni tushirish evaziga o‘tgan yili Xitoyga neft eksport qilish hajmlari bo‘yicha Rossiyadan o‘zib ketdi. Pandemiya sharoitiga qaramay xitoyliklar neft importini 7,6 foizga oshira oldi. Bu haqda Xitoy bosh bojxona boshqarmasi ma’lum qildi.
Yakunlangan yilda Xitoy jahonda eng yirik neft import qiluvchi davlat maqomini o‘zida saqlab qoldi. Bir yilda bu yerga 542,4 million tonna xom-ashyo (sutkasiga 10,85 million barrel) import qilindi. Bunda birgina Saudiya Arabistoni ulushi salkam 85 million tonnaga teng bo‘ldi va 1,9 foizlik o‘sish qayd etildi.
Rossiya esa ikkinchi o‘rinni egalladi va o‘tgan yili o‘zining janubiy qo‘shnisiga 83,57 million tonna xom-ashyo yetkazib berdi va 7,6 foizlik o‘sishga erishdi.
Pandemiya davrida Podshohlik oltin-valyuta zaxiralari 50 milliard dollarga qisqardi.
Saudiya Arabistoni hozirda bunday yo‘qotishni «qora oltin»ning narxlari tushishidan yo‘qotgan zararini eksport hajmlarini oshirish hisobidan qoplashni qanchalik istamasin, OPEK+ kelishuvlari doirasida jahon bozorida narxlar keskin tushib kelmasligi uchun ishlab chiqarish hajmlarini qisqartirish bo‘yicha va’dasini bajarishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Yamanda tinchlikka erishilmadi, Eron bilan munosabatlar tarang
2014 yilda Yamanda xusitlarning «Ansar Alloh» guruhining hokimiyatga kelishi rasmiy Ar-Riyodni keskin norozi qildi va ularga qarshi harbiy operatsiyalarni o‘tkazdi.
Saudiya rahbariyati Yamanning amaldagi prezidenti Abdu Rabbu Mansur Xodiga o‘z hududidan siyosiy qarorgoh berib, hukumatni shakllantirdi.
Biroq xusitlarni butunlay tor-mor etish rejasi nafaqat amalga oshmadi, ko‘plab infratuzilma ob’yektlari vayron va aholi vakillari qurbon bo‘ldi. Janubda esa ayrimachi kuchlar faolligi kuzatilmoqda. Xusitlar o‘z pozitsiyasini mustahkam saqlab qoldilar va endilikda Saudiyaning chegaradosh hududlariga raketa va uchuvchisiz qurilmalardan vaqti-vaqti bilan hujumlarni amalga oshirib turibdi.
Shia xusitlarini qo‘llab-quvvatlaydigan yana bir mintaqaviy kuch – Eron ham hozirda qo‘shnisi Saudiya bilan strategik raqobatni olib bormoqda. Bunga qarshi saudiyaliklar tish-tirnog‘i bilan qurollanmoqda, AQSh tomonidan milliardlab dollarlik zamonaviy qurol-aslahalarni xarid qilmoqda.
Bu borada AQSh Saudiyani, Rossiya esa Eronni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlash joiz. Fors ko‘rfazi arab davlatlari ham bu ziddiyat qarshisida yakdil va birdam ekanligini bildirmoqda. Albatta, kecha yangi lavozimida ish boshlagan AQSh prezidenti Jozef Baydenning Eron masalasidagi tashqi siyosati ko‘p narsaga oydinlik kiritadi.
Yaqinda esa 2017 yil martidan buyon Qatarni yakkalab kelayotgan Fors ko‘rfazi mamlakatlari rasmiy Doha bilan yana kelishib olishdi. Bunga qo‘shimcha ravishda Eronning ashaddiy raqibi hisoblangan Isroil bilan aloqalar ham qayta tiklandi.
Pandemiya og‘ir kechmoqda
Saudiya Arabistonida koronavirus yuqtirganlar soni 400 mingga yaqinlashib qoldi, vafot etganlar esa 6,2 ming nafardan oshdi. Koronavirusning yangi shtampi tufayli mamlakat o‘z chegaralarini, havo va dengiz, quruqlik o‘tish joylarini mart oyi oxiriga qadar yotib qo‘ydi.
Aholini ommaviy emlash rejasi doirasida dekabr oyi so‘ngida shahzoda Muhammad bin Salmon ham ilk vaksinalarni qabul qildi.
Endilikda vaksina qilish ishlari 3 bosqichda bo‘lib o‘tadi. Avvalo 65 yoshdan kattalar va ortiqcha semizlikka ega fuqarolar, immunitet bilan bog‘liq muammolarga ega hamda ikki va undan ortiq doimiy kasalliklari qayd etilgan shaxslar, professional faoliyati tufayli koronavirusni yuqtirish ehtimoli yuqori bo‘lgan kasb vakillari birinchi galda emlanadi.
Shu bilan birga mamlakatdagi hozirgi vaziyatda Valiahd Muhammad korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli kurashni olib bormoqda, Bunday jinoyatlarga aloqalar shaxslarni hibsga olishlar va tergov harakatlari kuchaytirilmoqda. Ko‘p milliardli zararlar davlat hisobiga qoplanmoqda. Inson huquqlarini yaxshilash borasida salmoqli qadamlar qo‘yilmoqda.
G.Ravshanova, sharhlovchi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter