Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sartaroshxonalar yopiq: Angela Merkel sochini kimga «oldirishi»ni aytdi (foto)

Sartaroshxonalar yopiq: Angela Merkel sochini kimga «oldirishi»ni aytdi (foto)

Foto: «Focus»

Koronainqiroz ko‘plarning boshini qotirib qo‘ydi, to‘g‘rirog‘i, soch oldiray desang hammayoq karantin — bironta sartaroshxona ishlamaydi. Ikki yo‘l qoladi: yo qaychini qo‘lga olish yoki bo‘lmasa sochlarni qo‘yib yuborish... Bu muammo nemis siyosatchilari, xususan, Angela Merkel «boshi»ga ham tushdimi? «Focus» nashri shu mazmunda siyosatchilarga savol yo‘lladi.

Karantinga qaramay, aksariyat siyosatchilarning tashqi ko‘rinishi o‘sha-o‘sha, sochlari ham joyida. Hatto Angela Merkelning sochlari bir millimetrga ham o‘smagandek.

Kutilganidek, aksariyat siyosatchilar nashrning so‘rovini jiddiy qabul qilishmadi. Ammo «soch masalasi»ga e’tiborlilar ham topildi, xususan, Angela Merkel. Matbuot kotibi javob yozishicha, kanslerning makiyaji va soch turmagiga uning assistenti (ayol kishi) qarab turibdi. Albatta, Robert Kox instituti tavsiyalarini unutmagan holda.

Qolganlar esa sochlarini o‘stirishga majbur (hammadayam assistent yo‘q), masalan, Malu Drayer (Reynland-Pfals bosh vaziri), Daniel Gyunter (Shlezvig-Golshteyn bosh vaziri) va Manuela Shvezig (Meklenburg-Old Pomeraniya bosh vaziri) o‘siq sochlar va yangi imijga ko‘nikishlariga to‘g‘ri kelyapti. Ular ham millionlab nemislar singari sartaroshxonalarni sog‘inishgan, deyiladi xabarda.

Daniel Gyunter. Foto: «Tagesspiegel»
Manuela Shvezig. Foto: «Twitter»

«Sochini o‘zi to‘g‘rilab, bo‘yashni uddalaydiganlar ham topiladi, ammo professionalga yetmaydi baribir. Bosh vazirning boshqa iloji yo‘q», — deydi Malu Drayerning matbuot kotibi.

Malu Drayer. Foto: «Teller Report»

Nashr yuqoridagilardan bu borada hatto siyosatchilarga ham oson bo‘lmayapti, deya xulosa chiqargan (taniqli adibimiz yozganidek, sartaroshga hamma salom beradi...) Ammo aksariyat siyosatchilarning benuqson soch turmaklarini ko‘rib, beixtiyor, ular ham o‘z-o‘ziga sartaroshlik bobida ancha o‘sibdi degan yaxshi gumon paydo bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring