Tabiiy ofatdan jabrlangan fuqarolarning 18 turdagi hujjatlari bepul tiklab beriladi
Adliya vazirligi tomonidan tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda aholini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihada nimalar nazarda tutilgan?
2021-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston va xorijiy davlatlar hududida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan, maishiy tusdagi ofatlar (turar, noturar-joyning yong‘ini yoki qulashi, transport vositasining yong‘ini) yuz bergani oqibatida jabrlangan jismoniy shaxslar yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan hujjatlarini tiklash uchun tegishli davlat organiga murojaat qilinganida, to‘lovlardan ozod qilish belgilanmoqda.
Shunga ko‘ra, qaror loyihasida to‘lovlardan ozod qilinadigan 18 turdagi hujjatlar ro‘yxati tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda. Xususan:
- tug‘ilganlik, nikoh tuzilgan (ajralgan)lik va o‘lim haqida guvohnomalar;
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ID-kartasi va xorijga chiqish biometrik pasporti, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va xorijiy fuqaro identifikatsiya ID-kartasi;
- davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnoma);
- harbiy guvohnoma va zahiradagi ofitserning guvohnomasi;
-transport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik guvohnomasi;
-haydovchilik guvohnomasi;
- notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikati va reyestrdan ko‘chirma;
- ko‘chmas mulk ob’yektlarining kadastr pasporti va boshqalar.
Bundan tashqari mazkur hujjat loyihasida favqulodda vaziyatlar, shuningdek, maishiy tusdagi ofatlar yuz berganlik holatlari O‘zbekiston hududida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tasdiqlanishi, agarda bunday holatlar xorijiy davlatlar hududida yuz bergan taqdirda, o‘sha xorijiy davlat vakolatli idorasining yoki Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalaridan olinadigan ma’lumotnoma asosida tasdiqlanishi belgilab qo‘yilmoqda.
Ushbu hujjatning qabul qilinishini fuqarolarimizni ijtimoiy-huquqiy jihatdan yanada qo‘llab-quvvatlash va himoyalash borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarning yaqqol namunasi sifatida ko‘rish mumkin.
Loyihaning to‘liq matni bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter