Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saratonga chalingan... jurnalistika

Saratonga chalingan... jurnalistika

Foto: «Planetanyne.ru»

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir ovoz tinmayapti. Emishki, jurnalistlar savodsiz, jurnalistika allaqachon o‘lgan, kasb bilan shug‘ullunish o‘rniga OAVchilar maddohga aylanib qolgan, yuqori nima topshiriq bersa shuni bajarishadi, o‘zlari go‘yoki fikrlash qobiliyatidan mahrum manqurtlar. Gazetalar duduqlanayotgan, televideniye alahlayotgan, internet nashrlari depsinayotgan bir davrda yashayotgan ekanmiz. Nimasini aytasiz. Savodsiz ham bo‘ldik, maddoh, ko‘zbo‘yamachi, yana allanarsalar...

Bizga otilayotgan toshlar shu qadar zalvorliki, tutib qolay desang og‘irligidan beling sinadi, kelib tanangga urilganda og‘rig‘i shunchalik qattiqki, ingrashga madoring yetmaydi, nafasing tiqilib, ovozing chiqmay qoladi.

Hammasi ham mayli-ya, yaqinda bir kursdoshim uyalmay-netmay o‘zi tahsil olgan dargoh(jurnalistika fakultetlari)ni axtaxonaga o‘xshatdi. U yerni bitirganlar (ya’ni biz va o‘zi) shu axtaxona «mahsuloti»ga aylantirildik. Maqolani har qanaqasiga o‘qib ko‘rdim, tahlil qildim, ijobiy ma’no qidirdim, bo‘lmadi. Xuddi jurnalistlikning nonini yemagan odamday barchani maddoh va chalamullaga chiqarib qo‘yganidan ko‘nglim ranjidi. Unga hech kim, hech qachon saboq bermaganu, bir dumalab jurnalistga aylanib qolgandek gapirishi manmanlikday tuyuldi menga.


Mavzuga doir:
(P)AXTAXONAdan maktub


Oddiy odamlar jurnalistning boshida qancha mashaqqat borligini, bu kasb egalari hamisha qil ustida yurishini, bir gapi oz, ikkitasi ko‘pligi, bir yarimta gap topib gapirishga majburligini hammadan ko‘ra u ko‘proq tushunishi kerakmasmidi? Jurnalistning boshida kaltak ko‘tarib turganlar haqida internetni «boshiga ko‘tarayotgan tanqidchilarimiz» tushunishmas. Lekin hamma bilishi kerak bo‘lgan bitta haqiqat bor: jurnalistga kaltak o‘qtalayotgan hukumat emas, Prezident emas, yuqori emas, ishonavering. Aksincha, ular quyi bo‘g‘in rahbarlari!

Bu – ichki senzura!

Bir misol. Deylik, gazeta yoki televideniyega avvallari hech kim e’tibor ham bermagan, chekka-chekkalarda qisinib, qimtinib yurgan odam rahbar etib tayinlandi. Majlislarda  viloyat (poytaxt, tuman, shahar) kazo-kazolari bilan birga o‘tirib tura boshladi. Manaman degan rahbarlarning qatorida turganidan keyin semiriiiib ketadi-da. O‘zini boshqacha sezadi, yurish-turishi, gap-so‘zlari o‘zgaradi. Mayli, bu ham yaxshilikkadir. Lekin har yaxshining bir yomoni bo‘lganidek, yomoni shuki, rahbar o‘z manfaatlari yo‘lida shu mansabdorlar bilan apoq-chapoq bo‘lishga tayyor, ularning orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgisi keladi. Buning uchun qo‘lidan kelganini qiladi. Yugurib-yelib kazo-kazolarning nomidan maqola tayyorlattiradi, demoqchimanki, qo‘li ostidagi biror-bir jurnalistni shu topshiriqni bajarishga majburlaydi. Chunki o‘zi adabiyot olamida yashagan. Hech qachon jiddiy, siyosiy mavzularda yozmagan. To‘g‘ri, she’r, hikoya, qissa, pamflet, xullas, adabiy janrlarning barchasida yaxshi ijod qiladi. Faqat maqola yozmaydi. Tanqidni ko‘tarmaydi. Eng yaxshi fazilati — hamma narsaning yaxshi tarafini ko‘ra oladi, boshqalarni ham shunga da’vat etib yashaydi. Har ikki gapining birida biz muammolarni ko‘tarib bong urmaymiz, jurnalistning vazifasi ayuhannos solish emas deya takrorlaydi. Tashkilotlar bilan yoqama-yoqa bo‘lavermaymiz, bu odobdan emas, yuz-xotirni unutmaslik kerak deb asl maqsadini xaspo‘shlaydi. Shu bilan tanqidchi jurnalistlarni beobro‘, janjalkashga, «hayotning yorqin tarafida bo‘lgan» «muxbir»larni esa «xos»larga mansub qilib ko‘rsatadi. Chunki o‘zi ham «xos»lardan-da!

Yaqinda ana shunday rahbarlardan biri bilan ishlayotgan qadrdonim dardihol qilib qoldi. Qayerdadir bir maktabga borib tanqidiy material tayyorlabdi. Maqola chop etilgan. U keyingi gal maktabgacha ta’lim muassasalari, profilaktika inspektorlari, sektorlar faoliyatidan ketma-ket tanqidiy materiallar yozavergan, qani endi birortasi bosilib chiqsa. Qaytanga ishxonada majlisbozlik boshlangan, har yig‘ilishda unga atab «o‘q yog‘dirilgan». O‘tirsa o‘poq, yursa so‘poqqa aylangan. Aybini tushunolmagach, bir kuni yig‘lab yuborgan. «Maqolalarim chop etilmagani mayli-ya, nega buncha haqoratlayverasiz?» deb so‘rasa, rahbarning javobini qarang: «Sen tanqid qilgan tashkilot rahbarlari bilan men majlislarda birga o‘tirib turaman. Ular ko‘pchilik oldida meni izza qilishmaydimi, mendan xafa bo‘lishmaydimi? Obunangizning katta qismini biz qoplayapmiz-ku, tanqidni bizdan boshlaganingiz nimasi deb minnat qilishmaydimi, shu minnatli oshdan ro‘zg‘orga baraka kiradimi?». Izohni qarang, kinoyani qarang. Eng qizig‘i, do‘stim aytmoqchi, har ikki gapining birida so‘zning qudratidan leksiya o‘qiydigan otaxon gazeta bosh muharririning falsafasini qarang!

— Tashlandiq, xaroba idorada ishlaganing yetmaganday jilla qursa o‘zing istagan mavzuni ko‘tarib chiqishga, umuman erkin ijod qilishga izn berilmasa, — deydi u yana xunobi oshib. — Uzzukun tahririyatdan chiqmay, mog‘or bosgan xonalarda telefondan olingan ma’lumotlar bilangina material tayyorlanadigan zamonmi hozir? Shu ham jurnalistlik bo‘ldimi?

Mening bu yozganlarimda aks etayotgan muammolar OAV xodimlari faoliyatiga cheklovning eng oddiy, mayda va bema’ni ko‘rinishlari, xolos. Jurnalistning shashtini so‘ndirib, kasbidan ko‘ngli to‘lmay, zo‘rma-zo‘raki ijod qilishiga majburlayotgan kuch — ichki senzura! Xuddi madda bog‘lagan yara, to‘g‘rirog‘i, saraton kasalligiga o‘xshaydi. Bu kasallikning oldini olish mumkindir, lekin so‘nggi bosqichida unga qarshi kurashish befoyda deydi shifokorlar. Jurnalistikamiz uning rivojiga to‘siq bo‘layotgan ichki senzura deb atalmish saratonning qaysi bosqichida ekanligini o‘zingiz o‘ylab ko‘ring. Nima bo‘lganda ham, qaysidir a’zoni olib tashlashga to‘g‘ri kelsa ham saratonni to‘xtatish kerak, tag-tomiri bilan quritish shart va zarur. Shundagina kasallikdan qutulgan jurnalistikamiz yangi buloqdek ko‘z ochadi, tom ma’noda ko‘zguga aylanadi, muammolar to‘lig‘icha yuqoriga yetib boradi va ijobiy hal etiladi.

Bu e’tirozlarim hamma OAV rahbarlariga ham taalluqli emas. Aksincha, hayotni faqat yorqin ranglarda ko‘rish, xalqning dardu tashvishiga olti chaqirim naridan nazar solishga o‘rganganlar, o‘zi rahbarlik qilayotgan OAVda kattalarni ogohlantirmay biror tanqidiy material chiqarib, endi hech kimning ko‘zi tushib qolmasligini xudodan yolvorib so‘raydiganlarga tegishlidir.

Dildora Ibrohimova
Buxoro viloyati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring