Yuqoridan qo‘ng‘iroq va dumi yulingan tovuq hangomasi
O‘tgan asrning 80-yillarida «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi juda ommalashgan, adadi 800 mingdan oshib ketgan edi. Gazetada she’r, hikoya yoki maqola chiqarish yoshlar tugul katta shoir va yozuvchilar uchun ham sharaf edi. Oddiy xodimdan tortib bo‘lim mudirlari, mas’ul kotib, bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrirgacha – barchaga tinmay qo‘ng‘iroq qilaveradigan xira mualliflar ham bo‘lardi. Undaylar kunda-kunora sim qoqib, mening ijodimni qachon chiqarasizlar, deb so‘rayverardi.
Shunday xira mualliflardan biri bosh muharririmiz Odil Yoqubovga tanish ekanmi yoki kimdir tavsiya qilganmi, bir maqola (aslida maqola deb ham bo‘lmasdi) beribdi. Odil aka meni chaqirib, shuni bir narsa qilinglar, gazetaning biron joyiga qo‘yib yuboring, dedi. O‘qib ko‘rib, ensam qotdi. «Bir narsa qilish» qiyin edi. Ishlab, epaqaga keltirish uchun qaysi xodimga berishni o‘ylab, bir qarorga kela olmadim. Bilamanki, bunga hech kim rozi bo‘lmaydi.
Ertasi kuni Odil akaning oldiga kirdim.
- Buni hech narsa qilib bo‘lmaydi, – dedim.
Bosh muharrirning peshonasi tirishdi.
– Shuni men bilmaymanmi? – dedi. – Shuning uchun bir narsa qilinglar, dedim-da. Anovi Sa’dullagami, Yaqibjangami bering, lavi-lunjini to‘g‘rilasin. Shu qistaloqdan meni qutqaringlar.
Shunday talabchan odam, o‘zining iborasi bilan aytganda, ba’zan «ustupka»ga borardi. Haligi xira muallifning narsasi ham ana shu «ustupka»ga tushgan edi. Hozir aniq esimda yo‘q, o‘sha narsani Yoqubjon Xo‘jamberdiyevmi, Sa’dulla Hakimmi – shulardan biri «bir narsa qildi». Keyin men ko‘rdim. Bu orada Odil aka bir-ikki so‘radi:
– Haligining narsasi nima bo‘ldi?
- Bo‘lyapti... Ishlayapmiz, – dedim.
- Juda jonga tegdi telefon qilaverib, tezroq berib yuboring shuni.
Oxiri o‘sha narsa gazetada chiqdi. Odil aka ham so‘ramay qo‘ydi... «Xudoga shukur, qutuldik shu xira pashshadan» deb xursand bo‘lib yurdim.
Xursandligim uzoqqa bormadi. Bir kuni Nafisa opa (bosh muharrirning kotibasi) hovliqib kirib keldi xonamga.
- Tez yuring, Odil aka sizni so‘rayapti. Juda darg‘azab, – dedi.
Hayron bo‘ldim. Nima bo‘ldi ekan, tinchlikmikan ishqilib? Ming bir xayol bilan bosh muharrir xonasiga kirdim. Chindan ham Odil aka g‘azab otiga mingan, ikki qo‘lini orqasiga qilib, asabiy holda u yoqdan-bu yoqqa borib kelayotgan edi. Kirishim bilan salom yo‘q, alik yo‘q, zahrini sochdi.
– Qanaqa odamsiz o‘zi?! Nega meni noqulay ahvolda qoldirasiz? – dedi.
Men hech narsaga tushunmadim.
– Nima gap, Odil aka? Tushuntiribroq gapiring, nima bo‘ldi?
Bosh muharrir qo‘lini paxsa qildi:
– Nimani tushunmaysiz?! Anovi qistaloq maqolamni bermayapti, deb yuqoriga shikoyat qipti. Hozir manovi telefondan (hukumat telefonini ko‘rsatdi) qo‘ng‘iroq bo‘ldi, – keyin menga yaqinroq keldi-da, ovozini pasaytirib, ammo alam bilan gapirdi. – Shu jipiriqlar oldida yuzim shuvit bo‘lishini istaysizmi?
– Odil aka, asabiylashmang. Qaysi materialni aytyapsiz? – dedim.
– Nimaga garangsiraysiz, o‘sha xira pashshani aytyapman. Bir oy bo‘ldi, uning narsasini sizga berganimga.
Kulgim qistadi. Odil akani battar tutaqdi:
- Nimaga irshayasiz?
- Axir u material chiqib ketdi-ku, – dedim.
Odil aka xona o‘rtasida taqqa to‘xtadi.
- Chiqdi?! Qachon?
– Ikki son oldin, – dedim va bosh muharrir xonasidagi uzun stolda turadigan gazeta taxlamlarini varaqlab, o‘sha «shedevr»ni ko‘rsatdim.
Odil aka bir zum jim qoldi. Nazarimda ichida o‘sha xira muallifni, unga qo‘shib boya ko‘rsatgan telefondan qo‘ng‘iroq qilganni so‘kayotgan edi. Keyin menga yuzlandi.
– A, bu qistaloq, har tomonga shikoyat qilgandan ko‘ra gazet o‘qisa bo‘lmaydimi?
Bu savolga menda javob yo‘q edi, albatta. Uning o‘rniga boshqa gap aytdim.
– U-ku o‘qimas ekan, anavilar-chi, ular ham o‘qimaydimi? – dedim Odil akaning asabini buzgan telefonga ishora qilib.
Bosh muharrirning battar ensasi qotdi. Nordon narsa chaynaganday afti burishdi. O‘ziga o‘zi gapirgan kabi shivirladi.
– Sizam haliyam yosh bola ekansiz-da. Gazet o‘qisa o‘sha yerda o‘tirarmidi? Ular o‘quvchi emas, buyruqchi. Bildingizmi? – Biroz xotirjam bo‘ldi. – Sizam shuni chiqqanini bir og‘iz menga aytib qo‘ymaysizmi?..
– Ko‘rgansiz, deb o‘ylabman-da...
Menga bir o‘qrayib qaradi.
– Bo‘ldi, boring ishingizni qiling, – dedi-da, kreslosiga o‘tirdi. Eshikdan chiqayotib ko‘zim tushdi: asabini buzgan telefonga qo‘l cho‘zdi.
* * *
Odil Yoqubov juda talabchan muharrir edi. Gazetaning obro‘yi uchun qattiq kurashar, iloji boricha bironta ham bo‘sh material chiqarmaslik payida bo‘lardi. Ba’zan taniqli olim yoki yozuvchining katta hajmdagi maqolasi kelib qolardi. Bunday katta materiallarni Odil aka yoqtirmas edi.
– Manovi yostiqday narsani kim o‘qiydi? Qisqartiring, – derdi keskin.
U vaqtlarda hozirgi kompyuterlar qayoqda deysiz. Materiallar bosmaxonada linotip mashinada qo‘rg‘oshindan quyilar, ortiqcha bir satr ham qo‘yib bo‘lmasdi. Ba’zan maketda ajratilgan joyga material sig‘may qolardi. Shunda bosh muharrirga ko‘tarib kirardim madad so‘rab. Qo‘limda gazeta sahifasining nusxasi. Sig‘magan materialni Odil akaga ko‘rsatib, sig‘mayapti, qisqartirish kerak, derdim. Bosh muharrir polosaga (gazeta sahifasining nusxasi) qarab:
- Mana, sig‘ib turibdi-ku, – derdi.
- Yo‘q, davomi bor, yigirma satr qisqartirish kerak.
Odil akaning ensasi qotardi:
– E, qiziq odam ekansiz, davomining nima keragi bor? Shu yerda tugating.
– Bu yerda tugatib bo‘lmaydi, maqolaning ma’nosi buziladi, dumi yulingan tovuqday bo‘lib qoladi.
Bosh muharrirning battar jahli chiqardi:
– E, bunda ma’no nima qiladi?! – Biroz kulganday bo‘lib, gapni hazilga burardi. – Mamatqul, siz o‘zi dumi yulingan tovuqni ko‘rganmisiz? Juda chiroyli bo‘ladi. Tovuq yengil yuradi. Tak chto, davomini olib tashlay bering. Boring.
Men noiloj chiqib ketardim. Keyin ko‘r bo‘lib, o‘sha yigirma satrni maqolaning turli joyidan bir-ikki satrdan topib qisqartirishga majbur bo‘lardim.
Mamatqul Hazratqulov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter