Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanoat shaharlaridan «Aqlli shaharlar»ga ko‘chib o‘tamiz

Sanoat shaharlaridan «Aqlli shaharlar»ga ko‘chib o‘tamiz

«Aqlli shahar»ga yo‘l.

Foto: «Xabar.uz»

Sayyoramiz aholisining katta qismi shaharlarda yashashini nazarda tutsak, «aqlli shahar» tizimini joriy etish va rivojlantirish bugunda juda muhim, kechiktirib bo‘lmas masala.

Bejizga dunyo mamlakatlari unga ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning samarali yechimi sifatida qarashmayapti. «Aqlli shaharlar»ni qurish va taraqqiy ettirish jamiyat madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, ishlab chiqarish kuchlarining ilmiy-texnik rivojlanishi darajasi yaxshilanishi bilan bog‘liq murakkab jarayon bo‘lib, tabiiyki, iqtisodiy taraqqiyotda ilg‘or mamlakatlar bu jabhada ham boshqalardan bir bosh baland. Hikoyamiz davomida bunga o‘zingiz ham shohid bo‘lasiz.

Janubiy Koreya

Janubiy Koreyada «aqlli shahar» loyihasiga 2003-yili Songdo, Xunndoyek, Pengyo va boshqa yangi shaharlarni barpo etish baravarida kirishilgan. Axborot va aloqa vazirligi 2006-yili qabul qilgan «U-shaharni qurish bosh rejasi»da U-shahar xizmatlari standartlarini qanday ishlab chiqish, loyihalarni qonuniylashtirish masalalari belgilab berilgan. Shuning asosida «U-shahar to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi (2008-y.), «U-shahar kompleks rejasi»ning birinchi va ikkinchi tahrirlari esa 2009 va 2013-yillarda chiqdi.

Loyihalar uch vazirlikka taqsimlangan: «aqlli shaharlar» siyosati Yerdan foydalanish, infratuzilma va transport vazirligi, ma’muriy ishlar Xavfsizlik va davlat boshqaruvi vazirligi, energetika masalalari esa Savdo, sanoat va energetika vazirligi zimmasida.

Avvaliga Axborot va aloqa vazirligining «aqlli shahar» konsepsiyasi g‘oyasi ilgari surilgandi, biroq hozir bu masala bilan Yerdan foydalanish, infratuzilma va transport vazirligi shug‘ullanyapti. Mohiyatan har ikki vazirlikning konsepsiyasi o‘xshash, masalan, shaharda turmush farovonligini oshirish uchun uning raqobatbardoshligini rag‘batlantirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali mahalliy korxonalar raqobatbardoshligini ta’minlash va U-shahar modelini boshqa mamlakatlarga eksport qilish taklif etilyapti.

Koreya Respublikasidagi 250 shaharning 73tasida intellektual shahar loyihalari rejalashtirilgan yoki amalga oshirilmoqda. Bu shaharlarning deyarli 65 foizi yangi shahar qurish bo‘yicha o‘z loyihalarini ilgari suryapti, loyihalarning 55 foizi shaharlarda, 23 foizi qishloqlarda amalga oshirilyapti.

Koreya hukumati U-servislar loyihalarini ham boshlab yuborgan. Har bir shaxsga o‘zi istagan xizmatlardan foydalanish uchun sharoitlarni kafolatlash orqali jamoat xizmatlarini ko‘rsatishni yaxshilash, yechimini topmayotgan masalalarga imkon qadar barham berish maqsad qilib olingan.

Yaponiya

Bugungi mezonlar bilan o‘lchaganda, «aqlli shahar» larni qurishga Yaponiya Janubiy Koreyadan birmuncha kech kirishdi. Faqat 2011-yili Yaponiya shimoli-sharqida ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida energetika inqirozining yuzaga kelishidan so‘ng bu yo‘sindagi ishlar tezlashib ketdi. Ilk marotaba «SmartGrid» («aqlli» energetika) tizimining afzalliklarini bu yerda sinovdan o‘tkazgan yapon hukumati keyinchalik «aqlli shahar» loyihasi nafaqat zilziladan so‘ng shaharlarni tiklash ishlarida, balki energetika inqirozi, tabiiy ofatlarning oldini olish, qolaversa, tug‘ilishning pasayib ketishi kabi ijtimoiy muammolarni yechishda naf berishiga umid bog‘ladi.

Yaponiyada ham intellektual shaharlar loyihalari asosiy davlat muassasalariga yuklangan. Hukumatning eng yirik loyihalari: «Eco-FriendlyFutureCity», «SmartCommunity» hamda «SmartTown» rejalari.

«Eco-FriendlyFutureCity». Bu reja 2008-yili qabul qilinib, unga kiritilgan 13ta shaharda 2050-yil birinchi yarmiga qadar zaharli gazlar miqdorini kamaytirish belgilab qo‘yilgandi. Yaqinda loyihaga yana 11 shahar, jumladan, Kitakyusyu qo‘shildi.

Yuqoridagi barcha loyihalar aholiga xizmat ko‘rsatish, havoga zaharli gazlar chiqarishni kamaytirish, elektr transporti (EV), energiya tizimlari (EMS), intellektual transport tizimlari (ITS), fotogalvanik panellar (PV), shamol kuchi, geotermal energiya, biogaz texnologiyalari, yuqori sig‘imli va samarali akkumulyator batareyalaridan foydalanish singari aqlli texnologiyalarni o‘z ichiga oladi.

Kelgusida Kitakyusyuni eng namunali ekologik shaharga aylantirish rejalashtirilgan. Kitakyusyu 2012-yildayoq binolar energetikasini quyosh issiqlik tizimlari (BEMS) orqali boshqarish natijasida energiyani tejashda 45,9 foizlik ko‘rsatkichga erishdi.

«SmartCommunity». Tiklanuvchi energiya manbalarini eski energiya tizimlariga ulashni ko‘zda tutuvchi ushbu loyiha 2009-yili ishga tushdi. Yokogama, Toyota va Kitakyusyuda boshlangan sinov loyihasiga 2011-yilda zilziladan jabr ko‘rgan yana 8ta shahar qo‘shildi.

Yokogamada «SmartCity» modeli muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti, yakuniy maqsad – 2050-yilgacha inson faoliyati oqibatida havoga chiqadigan zaharli gazlar miqdorini 60 foizgacha kamaytirish.

«SmartTown». Ushbu reja shahar muammolarini yechish, xavfsizlikni ta’minlash, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, yangi ish joylarini ochish, mahalliy raqobatni kuchaytirishda AKTdan keng foydalanishni ko‘zda tutadi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari

Osiyo mamlakatlaridan farqli ravishda, AQSh hukumati «aqlli shahar»qurishda asosiy e’tiborni «SmartGrid» va «e-He-althCare», ya’ni intellektual elektr ta’minoti va sog‘liqni saqlashga qaratmoqda. Negaki, AQShda elektr ta’minoti tizimi eskirgan va sifati yaxshi emas, tibbiyot sohasida esa xarajatlar juda yuqori.  «aqlli shahar» bo‘yicha qolgan ishlar shtatlar hukumatlari va xususiy kompaniyalar ixtiyoriga topshirilgan.

2003 yili AQShning shimoli-sharqiy shtatlari hamda Kanadaning bir qismini suv bosishi oqibatida elektr energiyasini yo‘qotish darajasi 7,4 foizga, bundan yetkazilgan iqtisodiy zarar 150 mlrd. dollarga baholandi.

Navigant Research nashri intellektual shahar uchun yechimlar ishlab chiqaruvchilar orasida IBM hamda Cisco Systems kompaniyalarini yuqori baholadi.

IBM – «SmarterCitiesTM». 2008-yili taqdim etilgan «SmarterCitiesTM» – «aqlli shahar» konsepsiyasiga qurilgan birinchi sinov loyihasidir. Nyu-York politsiyasi shu loyihaga integratsiyalashgan jinoyatlar haqidagi axborotni tahlil qilib beruvchi «Real vaqtda ishlovchi kriminalistika markazi» (RTCC) tizimini yaratish uchun IBM kompaniyasiga 11 mln. dollar ajratdi. Ayni paytda qariyb 37 ming politsiya xodimi jinoyatlar bilan bog‘liq turli ma’lumotlar bazalaridan foydalanyapti. RTCCning joriy etilishi qotilliklar bilan bog‘liq ishlarni tartibga solish, umuman olganda, jinoyatchilik ko‘rsatkichlarining pasayishiga olib keldi.

«CiscoSystemsTM»  – Aqlli + ulangan jamiyatlar. Cisco 2009-yili shahar infratuzilmasi tarmoqlarini yaratish va intellektuallashtirishni ko‘zda tutuvchi «Smart + Connected CommunitiesTM»  loyihasini tatbiq etdi. Bu loyiha o‘zagi binodagi qurilmalarni birlashtiruvchi tarmoq mediatori texnologiyasi sanaladi. Uning xonadonlarda, ishxonalarda, shifoxona va maktablarda qo‘llanilishi kengayib boryapti.

Yuqoridagilardan ham ko‘rinib turibdiki, «aqlli shaharlar»ni qurish har bir mamlakat uchun hayotiy zarurat, ularning taraqqiyoti va gullab-yashnashi uchun muhim omil sanaladi. Bundan yagona xulosa kelib chiqadi: sanoat shaharlarini «aqlli shaharlar»ga aylantirish umumjahon trendi sanalib, O‘zbekiston shaharlarida ham yaqin istiqbolda buni bemalol uddalash mumkin. Faqat buning uchun boshqaruv, standartlar, baholash, maqsad va vazifalarni, umuman, barcha mezonlarni tubdan qayta qurish lozim. Hududlarning resurs potensialiga boshqacha yondashuv, belgilangan maqsadlarga erishishning yangi yo‘llarini topish talab etiladi.

Yangi taraqqiyotda fuqarolarning intellektual va axborot tizimlaridan foydalangan holda shahar hayoti va uni boshqarishdagi faolligi asosiy harakatlantiruvchi kuchga aylanadi. Bu jarayonda qabul qilinayotgan qarorlar shaffofligi va ularning monitoringi juda muhim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring