Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jahonning «eng aqlli» shaharlari: Singapur, Amsterdam, San-Fransisko

Jahonning «eng aqlli» shaharlari: Singapur, Amsterdam, San-Fransisko

Foto: «AdobeStock»

PwCJuniper ResearchMcKinseyIMD va Singapur texnologiyalar va dizayn universiteti singari yirik tadqiqot agentliklari har yili qaysi shahar boshqalariga nisbatan «haqiqiy kelajak aqlli shahri» orzusiga yaqinlashganini aniqlashga urinib ko‘radi va tegishli reytinglarini e’lon qilib boradi. Deyarli barcha reytinglarda Singapur, Nyu-York, San-Fransisko, London, Syurix, Amsterdam, Kopengagen va Stokgolm kabi shaharlar o‘zaro raqobatlashayotganiga guvoh bo‘lamiz.

Haqiqiy «aqlli shahar» qanday bo‘ladi? Singapur, Amsterdam, San-Fransisko misolida ko‘rib chiqamiz.

Singapur — aqlli texnologiyalar poligoni

Singapurni hech mubolag‘asiz aqlli texnologiyalar sinovdan o‘tadigan poligon, deyish mumkin. 5,8 mln kishi yashovchi ushbu shahar-davlatda Smart Cityning ishlanmagan, yo‘lga qo‘yilmagan texnologiyalari yo‘q hisobi. Mamlakat fuqarolarning hayotini yanada yaxshilash uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining bor salohiyatidan foydalanish ko‘zda tutilgan Smart Nation davlat dasturini amalga oshirish 2017-yilda boshlangan.

Ishonish qiyin, ammo Singapurdek aholisi o‘ta zich mamlakat yo‘llariga tiqinlar begona. O‘ziyurar avtobuslar, shatllar, taksilar juda ko‘p, hatto hukumat ular uchun standartlargacha ishlab chiqqan.

Singapur fuqarolari tezkor raqamli xizmatlardan CODEX raqamli platformasi — elektron hukumat vositasida foydalanishadi. CODEX ilovasi yordamida ish topish, ota-onalar chaqalog‘ini ro‘yxatdan o‘tkazishi, farzandlarini bog‘chaga joylashtirishi yoki emlash haqida kerakli ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin.

Singapur raqamli infratuzilmasi shunchalik ajoyibki, nafaqat tayyor xizmatlardan foydalanishingiz, balki o‘zingiz ham biron-bir xizmatni ko‘rsatishingiz mumkin. Masalan, MyResponder ilovasi ko‘ngilli shifokorlarga bir kilomertgacha radiusda sog‘lig‘ida muammo paydo bo‘lgan odam haqida ma’lumot yo‘llaydi. Agarda bu insonning yuragi bilan bog‘liq dard bo‘lsa, har bir soniya muhim, o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam inson hayotini saqlab qolishi mumkin. Tez yordam chaqiruvchi shaxsiy «tugma» bugungi kunda har bir keksa singapurlikning doimiy hamrohiga aylangan.

Kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash hamda xavfsizlik darajasini oshirish uchun shaharda aqlli sensorlar platformasidan foydalaniladi. Uzatgichlar ishlatilgan suv haqidagi ma’lumotlarni smart-hisoblagichlardan tinmay jo‘natib turgani uchun ortiqcha suv sarfi va quvurlardagi nosozliklar tezda aniqlanadi.

Ko‘cha chiroqlari ustunlari ham turli sensorlarga to‘la. Ular havo sifati, suv sathi, yog‘in miqdorini o‘lchaydi, o‘tgan-ketgan odamlarning yuz tuzilishidan shaxsiyatini aniqlaydi. Olinayotgan katta ma’lumotlar oqimi neyrotarmoq yordamida tahlil qilinadi.

Shahar-davlatning suv havzalari «kompyuter ko‘zi» tizimi nazoratida. Favqulodda voqea sodir bo‘lsa, masalan, bironta cho‘kayotgan odamni payqasa, tizim darhol qutqaruvchilarni chaqiradi.

Singapur, hech shubhasiz, dunyodagi «aqlli shahar». Ushbu maqomga da’vogar boshqa shaharlar o‘z infratuzilmalariga bunchalik ko‘p texnologiyalarni jalb qilishga urgurishmagan.

Ugleroddan xoli Amsterdam

Niderlandiya poytaxti Amsterdam — «aqlli» bo‘lishga intilayotgan dunyo shaharlari orasida yetakchilar qatorida.

Shaharda 2009-yili Amsterdam Smart City loyihasi ishga tushirilgan. Bu avvaliga Amsterdamni ugleroddan xoli, ya’ni ekologik toza energiya shahriga aylantirishga qaratilgan Amsterdam Innovation Motor hamda Alliander elektr tarmoqlari operatorining hamkorlikdagi tashabbusi edi.

Endi esa Amsterdam Smart City qamrovi kengayib ketdi, shahar ma’muriyati, tadbirkorlar va tadqiqot muassasalari (70 dan ziyod subyekt)ni birlashtirgan ulkan tizimga aylandi. Uning doirasida 200 dan ortiq loyihalar ishga tushirildi. Shulardan biri — Amsterdam Sharing City.

Amsterdam Sharing City fuqarolarning uyushqoqligiga asoslangan va ijtimoiy chegaralarni bartaraf etgan holda mavjud resurslar (energiya, yer-joy, pul-mablag‘lar)dan foydalanishni optimallashtirishga xizmat qiladi.

Amsterdamning City-zen loyihasi

City-zen ham keng ommalashgan loyihalardan. Turarjoylarni markazlashgan sovitish tizimiga ulashga qaratilgan ushbu loyiha, xuddi shahar markazlashgan isitish tizimi kabi, har bir uyning havoga zaharli gaz (karbonat angidrid) chiqarishini 80 foizgacha kamaytirishga yo‘naltirilgan.

San-Fransisko — yashil aqlli shahar

AQShning Kaliforniya shtati shimolida, Tinch okeani sohilida joylashgan San-Fransisko ham dunyoning eng texnologik taraqqiy etgan shaharlaridan biri hisoblanadi.

Bir paytlar eskirgan transport tizimi shaharning taraqqiyoti yo‘lidagi asosiy g‘ovlardan biri edi. Ammo hammasi o‘tmishda qoldi. Smartfonlar yordamida masofadan to‘lov usullari kirib keldi, mashinalarni qo‘yish joylarini boshqarish tizimi — SFpark joriy etildi: Amerikadagi eng zo‘r transport tizimlaridan biri endi shaharda!

SFpark — smartfon ilovasi, shaharning qaysi hududi, sutkaning qay pallasi, haftaning qaysi kuni ekaniga qarab parkovkalarning narxini aniqlaydi. SFpark ishlatilishi boshlanganidan beri san-fransiskoliklar mashinalarini qo‘yishga ikki baravar kam vaqt sarflashyapti, yo‘llarda tiqinlar soni va havoning zaharli gazlar bilan to‘yinishi ham karrasiga qisqardi.

SFpark — San-Fransiskoning «aqlli» parkovkalari

San-Fransisko dunyodagi eng yashil aqlli shaharlardan biri ekanligi bilan ham ajralib turadi. Shaharda binolar juda zich joylashgan, biroq hamma binolar maydonining 15 foizini quyosh panellariga ajratishi shartligi qonunan mustahkamlab qo‘yilgani bois, toza energiya tashabbuslarining aksariyatida doimo yetakchi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring